add

Yevropa Rossiya gazidan butunlay voz kechish jarayonini tezlatdi

Bugun 08:581372 daqiqa

Yevroittifoq elchilari Rossiya gazini 2027-yil oxirigacha to‘xtatish rejasini ma’qulladi. Keyingi bosqich — Yevropa Parlamenti va energetika vazirlarining rasmiy tasdig‘i.

Yevropa Rossiya gazidan butunlay voz kechish jarayonini tezlatdi

Yevropa Ittifoqi Rossiya gaziga bog‘liqlikni tugatish bo‘yicha navbatdagi muhim qadamni tashladi. Ittifoqqa a’zo mamlakatlar elchilari chorshanba kuni Rossiyadan gaz importini bosqichma-bosqich to‘xtatish yuzasidan kelishilgan rejani tasdiqladi. Bu — taqiqni qonun sifatida kuchga kiritishdan oldingi hal qiluvchi bosqichlardan biri ekani ta’kidlandi. Daniya raisligi vakillari bu qarorni YIning energetik mustaqillikka o‘tishdagi strategik burilishi deb atadi.

Yevropa Ittifoqi o‘tgan hafta Rossiya bilan gaz sohasidagi barcha aloqalarni uzishni nazarda tutgan qonun loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Bu qadam Moskva 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin va’da qilingan siyosiy yo‘nalishning amaliy ijrosi hisoblanadi. Yakuniy kelishuvga ko‘ra, Rossiyadan dengiz orqali keladigan suyultirilgan tabiiy gaz 2026 yil oxirigacha to‘liq to‘xtatiladi. Quvur orqali yetkazib beriladigan gaz esa 2027 yil 30-sentabrga qadar bosqichma-bosqich tugatiladi.

Ammo taqiq qonun kuchiga kirishi uchun yana ikki bosqich qolgan: Yevropa Parlamenti kelasi haftada ovoz berishi, energetika vazirlari esa 2026 yil boshida rasmiy ma’qullashni amalga oshirishi kutilmoqda.

Yevroittifoq rasmiylari mazkur qaror YIdagi keng ko‘lamli ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonishmoqda. Shunga qaramay, Vengriya va Slovakiya kabi Rossiya gaziga hali ham bog‘liq davlatlar oshkora qarshilik bildirishda davom etmoqda.

Rossiya gazidan voz kechish YI uchun ulkan infratuzilmaviy o‘zgarishlar va katta sarmoyalarni talab qiladi. Biroq Yevrottifoq hoziroq AQSH, Norvegiya va Qatardan STG importlarini oshirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya ulushini kengaytirish orqali ehtiyojlarni qoplashni rejalashtirgan.

Teglar

Mavzuga oid