«Yevrouchlik»dan keskin ogohlantirish: Eronga qarshi harbiy choralar ko‘rilishi mumkin
Yevropaning yetakchi davlatlari Tehronni mintaqadagi ittifoqchilarga hujumlarni to‘xtatishga chaqirib, aks holda Eron ichkarisidagi harbiy obyektlarga zarba berish bilan tahdid qildi.

Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya yetakchilari Eronga nisbatan qo‘shma bayonot bilan chiqib, Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli harbiy choralar ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdi. GFR hukumati matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan hujjatda «Yevrouchlik» Tehrondan «mulohazasiz hujumlarni» zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan. Aks holda, ushbu davlatlar o‘z manfaatlari va mintaqaviy ittifoqchilarini himoya qilish uchun «zaruriy choralarni» ko‘rishi ta’kidlangan.
Bayonotda aytilishicha, bu choralar Eronning raketa va dronlarni uchirish imkoniyatlarini bevosita manbasida yo‘q qilishga qaratilgan mutanosib harbiy harakatlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Yevropa davlatlari Eronning Isroil va AQSH amaliyotlariga aloqasi bo‘lmagan obyektlarga bergan zarbalaridan «hayratda» ekanini bildirgan. Ushbu qadamlar Vashington va mintaqa davlatlari bilan yaqin hamkorlikda muvofiqlashtirilishi rejalashtirilgan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Abu Dabidagi fransuz harbiy-dengiz bazasiga qilingan hujumdan so‘ng mudofaa kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazdi. U mamlakatning mintaqadagi jangovar shayligini oshirish va ittifoqchilarga mudofaaviy yordamni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Parij yuz bergan hodisalarni javobsiz qoldirmasligini qat’iy bildirdi.
Harbiy va iqtisodiy bosim
Vaziyatning keskinlashuvi fonida Fransiyaning «Sharl de Goll» aviatashuvchi kemasi va uning zarbdor guruhi Eron yo‘nalishiga safarbar etildi. Ushbu kemalar ilgari yirik qurolli to‘qnashuv ssenariylarini imitatsiya qiluvchi «Orion» o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan edi. Harbiy harakatlar bilan bir qatorda, Yevropa Ittifoqi Eronga nisbatan sanksiyalar rejimini yanada qat’iylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
YI diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ittifoq nomidan chiqish qilib, xavfsizlik va manfaatlarni himoya qilish uchun qo‘shimcha cheklovlar joriy etilishini istisno etmadi. Brussel Tehronni yadroviy dastur va ballistik raketalar loyihasini to‘xtatishga yana bir bor chaqirdi. Shuningdek, Kallas Yaqin Sharqda deeskalatsiya zarurligini ta’kidlab, keskinlikning yanada ortishidan xavotir bildirdi.
Ayni paytda Eronning Isroil va AQSH harbiy obyektlariga raketa hujumlari davom etmoqda. Bu Vashington va Tel Avivning Tehron ichidagi nishonlarga bergan intensiv zarbalariga javob sifatida baholanmoqda.
Diplomatik inqiroz istiqbollari
Yevropa davlatlarining harbiy tahdidlari Eron bilan munosabatlardagi ko‘p yillik diplomatik yo‘lning inqiroziga ishora qilmoqda. Ilgari vaziyatni muzokaralar orqali yumshatishga intilgan «Yevrouchlik» buyog‘iga kuch ishlatish variantini ochiq muhokama qila boshladi. Bu esa Tehronning xalqaro maydondagi yakkalanishini yanada kuchaytiradi va iqtisodiy bosimni oshiradi.
Fransiya va Britaniyaning mintaqada muhim harbiy bazalari va iqtisodiy manfaatlari mavjud. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi keskinlik va tijoriy kemalarga hujumlar Yevropa iqtisodiyoti uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid hisoblanadi.





