YI Navalniy zaharlangan moddani ishlab chiqqanlarga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Fevral oyida Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya Navalniy Rossiya koloniyasida daraxt qurbaqasi zahri — epibatidin bilan zaharlanganini ma’lum qilgan edi

Yevropa Ittifoqi rasmiylari kimyoviy qurollar, jumladan, epibatidin zahrini ishlab chiqishga aloqador bo‘lgan besh nafar rossiyalik olim va bir harbiyni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Aynan mana shu modda koloniyada o‘ldirilgan siyosatchi Aleksey Navalniyning organizmidan topilgan edi.
Sanksiyaga tushganlar ro‘yxati:
Igor Babkin — «Signal» ilmiy markazi laboratoriyasi mudiri;
Sergey Galan — «Signal» ilmiy markazi katta ilmiy xodimi;
Olga Yudina — «Signal» ilmiy markazi katta ilmiy xodimi;
Aleksey Aksenov — «Signal» ilmiy markazi ilmiy xodimi;
Irina Derevyagina — Davlat organik kimyo va texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti xodimi;
Mixail Gutsalyuk — polkovnik, Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya harbiy akademiyasining ilmiy ishlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i.
Fevral oyida Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya Navalniy Rossiya koloniyasida daraxt qurbaqasi zahri — epibatidin bilan zaharlanganini ma’lum qilgan edi.
Siyosatchining biomaterial namunalarini o‘rgangan tadqiqotchilar bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosaga kelishgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa beshta davlatning bu xulosalarini «axborot xuruji» deb atagan.





