Yong‘in uchun aybdorlardan tovon undirish tartibi joriy etiladi
Yong‘in xavfsizligini ta’minlash majburiy sug‘urta, audit va kuchaytirilgan javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar uchun aybdorlardan tovon undirish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Tashabbus yong‘in xavfsizligi tizimini tubdan yangilash va javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Majlisda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari — shtab boshlig‘i Sanjar Zuparov amaldagi qonunchilikda ayrim huquqbuzarliklar uchun fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash talabi belgilanmaganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, 2009 yilda qabul qilingan «Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun bugungi talablarga to‘liq javob bermaydi.
Yangi loyihaga ko‘ra, binolar toifasidan kelib chiqib yonuvchan qurilish materiallaridan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, yong‘in natijasida yetkazilgan zararni qoplash bilan birga, aybdordan qo‘shimcha tovon undirish instituti joriy etiladi.
Qonun tashabbusi obyektlarni yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha majburiy auditdan o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yishni ham nazarda tutadi. Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-ko‘ngilochar markazlarini yong‘indan majburiy sug‘urta qilish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, hokimlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarligi oshiriladi. Loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari hamda ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi organlarning majburiyatlari aniq belgilab beriladi.
Qonun loyihasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual va Jinoyat kodekslariga o‘zgartirishlar kiritishni ham nazarda tutadi. Sug‘urta talablarini bajarmaslik, gazni chakana sotish tartibini buzish yoki soxta auditorlik xulosasi berish uchun ma’muriy choralar kuchaytiriladi.
Shuningdek, shaharsozlik sohasida ruxsat berish jarayonlariga noqonuniy aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, Yashnoboddagi savdo majmuasidan yong‘in sodir bo‘lib, 3 yashar qizcha halok bo‘lgan edi.
21-fevral kuni esa Toshkentdagi «Izza» bozorida yong‘in sodir bo‘lgan.





