Logo

«YouTube» shaxsiy chatlarni qayta ishga tushirmoqda

Bugun 14:331 daqiqa

«YouTube» foydalanuvchilar uchun shaxsiy xabar almashish imkoniyatini bosqichma-bosqich qayta joriy etmoqda. Kompaniyaning yangi chat xizmati avval cheklangan auditoriyada sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda ko‘proq hududlarda ishga tushirilmoqda.

«YouTube» shaxsiy chatlarni qayta ishga tushirmoqda © cybernews.com

«YouTube» 2019 yilda platformaning ichki shaxsiy xabarlar xizmatini yopgan edi. Endi esa kompaniya mazkur funksiyani yangilangan ko‘rinishda qayta taqdim etmoqda.

Dastlabki sinov natijalari

Shaxsiy xabarlar xizmati 2025 yil kuzida cheklangan doirada sinovdan o‘tkazila boshlangan. Sinov natijalari ijobiy baholangach, funksiyadan foydalanish imkoniyati AQSH va boshqa hududlardagi kengroq auditoriya uchun ochilmoqda.

image_2026-06-11_14-33-43


«YouTube» ma’lum qilishicha, yangi chat xizmati orqali foydalanuvchilar musiqiy kliplar, o‘quv materiallari yoki «Shorts» videolarini platformadan chiqmasdan turib bevosita boshqalar bilan ulashishi mumkin bo‘ladi.

«Bu yangi musiqiy klipmi, foydali o‘quv qo‘llanmasimi yoki qiziqarli «Shorts» videosimi, qat’i nazar, ushbu yangilanish kontentni aynan tomosha qilinayotgan joyda ulashishning yangi usulini taqdim etadi», — deyiladi «YouTube» blogi xabarisida.

Yangilanishdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan akkauntlar ilovadagi yuqori o‘ng burchakda joylashgan maxsus belgi orqali xabarlar bo‘limiga kirishi mumkin.

Yangi tizim taklifnoma asosida ishlaydi. Foydalanuvchi boshqa inson bilan muloqotni boshlash uchun unga maxsus havola yuborishi kerak bo‘ladi. Taklifni qabul qilgan shaxs suhbatni davom ettirishi yoki rad etishi mumkin.

Mazkur qadam «YouTube»ning foydalanuvchilarni platformadan tashqariga chiqmasdan muloqot qilish va kontent almashishga undash strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid