Logo

YTTB «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga 38,4 mln yevro kredit ajratadi

Bugun 16:572 daqiqa

Mablag‘ temir yo‘llarda harakatni boshqarish tizimlarini raqamlashtirish, tashish jarayonlarini modernizatsiya qilish va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

YTTB «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga 38,4 mln yevro kredit ajratadi © vaqt.uz

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasini raqamli transformatsiya qilish uchun 38,4 mln yevrogacha kredit ajratishni tasdiqladi.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, mablag‘lar poyezdlar harakatini boshqarish va yuk hamda yo‘lovchi tashish jarayonlarini raqamlashtirishga mo‘ljallangan dasturiy ta’minotni joriy etish, shuningdek, kiberxavfsizlik tizimlarini modernizatsiya qilishga sarflanadi.

Loyiha doirasida dispetcherlik, rejalashtirish va tezkor boshqaruvda qo‘l mehnatiga asoslangan jarayonlar bosqichma-bosqich raqamli yechimlar bilan almashtiriladi. Bu esa temir yo‘l infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

YTTB bahosiga ko‘ra, raqamli transformatsiya temir yo‘l operatsiyalarining xavfsizligi va ishonchliligini oshirish, sohada yangi standartlarni joriy etish hamda iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish imkonini beradi. Shuningdek, kiberxavfsizlik bo‘yicha joriy etiladigan choralar xalqaro amaliyotlarga mos bo‘ladi.

Bank mazkur loyiha orqali «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning mamlakat ichidagi hamda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi orqali amalga oshiriladigan yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlarini optimallashtirishni maqsad qilgan. Qayd etilishicha, bu YeTTBning O‘zbekiston davlat sektorida raqamli transformatsiyani moliyalashtirishga qaratilgan ilk loyihasi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Jahon banki ham O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar ajratishni ma’qullagan edi. Ushbu dastur doirasida «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning biznes jarayonlarini yangilash, korporativ boshqaruv va moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish, shuningdek, yo‘lovchi tashish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid