Zelenskiy Lukashenkoga naq 17 xil cheklov kiritdi

18.02.2026 | 20:592 daqiqa

U bu qarorni Lukashenkoning «ukrainaliklarning o‘ldirilishiga ko‘maklashayotgani» bilan izohladi.

Zelenskiy Lukashenkoga naq 17 xil cheklov kiritdi

Ukraina Prezidenti Voladimir Zelenskiy Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenkoga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Qaror Rustem Umerov boshchiligidagi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) taklifiga binoan qabul qilingan. Bu haqda Ukraina yetakchisining 18-fevral kuni o‘z saytida e’lon qilingan farmonida aytiladi.

Lukashenkoga nisbatan jami 17 turdagi cheklovlar joriy etildi, ular orasida — aktivlarni muzlatish, kirishni taqiqlash, savdo va tranzitni to‘xtatish, moliyaviy operatsiyalar va texnologiyalar berishni taqiqlash bor. Cheklovlarning bir qismi muddatsiz, bir qismi esa 10 yil davomida amal qiladi.

Zelenskiy: Lukashenkoga bosimni «sezilarli darajada kuchaytiramiz»

Ukraina Prezidenti o‘z Telegram-kanalida sanksiyalarni Belarus Prezidenti «ukrainaliklarning o‘ldirilishiga ko‘maklashayotgani» bilan izohladi.

«2025 yilning ikkinchi yarmida Belarus hududida rossiyaliklar zarba beruvchi dronlarni boshqarish uchun retranslyatorlar tizimini joylashtirdilar, bu esa Rossiya armiyasining shimoliy viloyatlarimizga — Kiyevdan Volingacha zarba berish imkoniyatlarini oshirdi. Zarbalarning bir qismini, jumladan, hududlarimizdagi energetika obyektlari va temir yo‘llarga berilgan zarbalarni rossiyaliklar Belarusning bunday yordamisiz amalga oshira olmasdilar», — deb yozdi Zelenskiy.

Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti uch mingdan ortiq Belarus korxonalari Rossiya tomoniga, jumladan, raketalar ishlab chiqarish uchun komponentlar yetkazib berayotganini ta’kidladi. Belarus, shuningdek, o‘z hududida «Oreshnik» ballistik raketasini joylashtirgan, 2025 yildan boshlab esa «mamlakat korxonalari Rossiyaga ushbu qurol uchun muhim tugunlar, komponentlar va mexanik bazalarni yetkazib bermoqda».

Yanvarda Zelenskiy va Tixanovskaya ilk rasmiy uchrashuvni o‘tkazishgandi

25-yanvar kuni Zelenskiy va Belarus demokratik kuchlari yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Vilnyusda ilk rasmiy uchrashuvni o‘tkazdi. Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda sanksiyalar siyosati va «yevropalik hamda amerikalik hamkorlar bilan birgalikda Lukashenko va rejim sheriklarini javobgarlikka tortish bo‘yicha qo‘shma strategiya» muhokama qilingan.

Uchrashuv tashabbusi Ukraina tomonidan chiqqan, deb yozgan edi yanvar oxirida mahalliy «Yevropa haqiqati» (Yevropeyskaya pravda) nashri.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina hukumati Lukashenkoning AQSH bilan aloqalari fonida Belarus oppozitsiyasi bilan hukmdorga nisbatan jinoiy ish ochish masalasini muhokama qilmoqda. Shu yo‘l bilan ular, ta’kidlanganidek, Lukashenkoning xalqaro yakkalanishdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni istaydi.

Teglar

Mavzuga oid