add

Zelenskiy: Rossiya tinchlik bitimini rad etsa, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi

Bugun 11:551 daqiqa

Volodimir Zelenskiy AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berishga tayyorligini, Rossiya tinchlikdan bosh tortsa esa qo‘llab-quvvatlash davom etishini ma’lum qildi.

Zelenskiy: Rossiya tinchlik bitimini rad etsa, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi

Volodimir Zelenskiy AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvidan so‘ng, tinchlikka alternativ yo‘qligini, biroq Moskva kelishuvdan voz kechsa, Vashington Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytdi. Bu haqda Ukraina ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, har qanday kelishuv real va ishonchli xavfsizlik kafolatlariga tayanishi shart. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bilan erishilgan kelishuvlar Kongress tomonidan, Ukrainada esa parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Yevropa davlatlari bilan tuziladigan shartnomalar esa milliy parlamentlar darajasida ratifikatsiya qilinishi lozim.

Ukraina rahbari 20 punktdan iborat urushni yakunlash rejasi haqida ham to‘xtalib, ushbu hujjatni eng kuchli legitimatsiya shakli sifatida umumxalq referendumi orqali mustahkamlash zarurligini bildirdi. Shu bilan birga, u referendum yoki saylovlar faqat kamida 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish va ishonchli xavfsizlik tizimi mavjud bo‘lgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidladi. Ayni paytda, Rossiya bunday shartlarga rozilik bermayotgani qayd etildi.

Uchrashuv davomida iqtisodiy masalalar ham muhokama qilingan. Zelenskiyning aytishicha, iqtisodiy paket AQSH biznesining Ukrainada faol ishtirokini, mamlakatni qayta tiklash uchun maxsus sharoitlar yaratishni hamda ehtimoliy erkin savdo kelishuvini o‘z ichiga oladi.

Prezident, shuningdek, Ukraina 20 punktli tinchlik rejasini imzolashga yaqin ekanini, xavfsizlik kafolatlari va Yevropa davlatlarining «ko‘ngillilar koalitsiyasi»da faol ishtirok etishiga umid qilayotganini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid