Logo

Dilnozaxon Kattaxonova Oila va xotin qizlar qo‘mitasi yangi raisi bo‘ladi — manba

Bugun 11:122 daqiqa

Dilnoza Sobirjonovna Kattaxonova O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlanadi. Bu haqda ayni paytda Vazirlar Mahkamasida davom etayotgan va ushbu tayinlov bilan bog‘liq yig‘ilishdan xabardor Vaqt.uz manbasi xabar berdi.

Dilnozaxon Kattaxonova Oila va xotin qizlar qo‘mitasi yangi raisi bo‘ladi — manba © Ijtimoiy tarmoqlar

Kattaxonova shu kunga qadar Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ushbu lavozim o‘zgarishi davlat rahbarining 30-iyun kungi yoshlar bilan uchrashuvda hukumatdagi turli lavozimlarga yosh kadrlarning olib kelinishi siyosati davom etishi haqidagi fikrlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
 
Ma’lumot uchun, Dilnoza Kattaxanova bu lavozimda Zulayxo Mahkamova o‘rnini egallamoqda. Avvalroq Vaqt.uz Mahkamova O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edi.
 
Tahririyatning Yoshlar ishlari agentligidagi boshqa bir manbasiga ko‘ra, Dilnoza Kattaxonova shu kunlarda AQSHdagi xususiy Stanford universitetiga o‘qishga ham kirgan bo‘lgan. Ammo tayinlovdan keyin endi u Kaliforniyaga ketmaydi.

Dilnoza Kattaxonova 1991-yil 2-iyulda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 2014-yilda Kattaxonova Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. Shuningdek, Garvard universitetining Jon Kennedi nomidagi davlat boshqaruvi maktabi magistrlik dasturi tinglovchisi hisoblanadi.

U mehnat faoliyati davomida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqida turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, «Kamalak» bolalar tashkilotiga rahbarlik qilgan.

2020-yil iyulida yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2023 yil dekabrdan buyon esa agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Dilnoza Kattaxonova «Do‘stlik» davlat ordeni, «Xalqlar do‘stligi» hamda «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, u Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Dilnozaxon Kattaxonova Oila va xotin qizlar qo‘mitasi yangi raisi bo‘ladi — manba | Vaqt.uz