Logo

Tadbirkor prezidentga kiyim sovg‘a qildi

U har bir mahsulot aynan O‘zbekistonniki ekanini aytib, davlat rahbariga osh pishirganda shu kiyimni kiyishni tavsiya qildi. Shavkat Mirziyoyev esa «Made in Qashqadaryo» deb javob qaytardi.

Tadbirkor prezidentga kiyim sovg‘a qildi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasidagi «Sulton Tex Group» to‘qimachilik klasterining fabrikasi bilan tanishdi.

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13-martda qabul qilingan qaror doirasida klaster tomonidan mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi tashkil etildi. Prezident matbuot xizmatining yozishicha, qiymati 54 million dollar bo‘lgan loyiha natijasida yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega liniyalar ishga tushirildi. Fabrikada 840 ta ish o‘rni yaratilgan.

Korxonada suv va energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qiymati 3 million dollar bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlab chiqarishda foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta ishlatish imkonini beradi. Buning hisobiga yiliga 1,1 million kub metr suv tejaladi.

Fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Ushbu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ ta’minotidagi xarajatlarni kamaytirib, mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.

Kelgusida «Sulton Tex Group» klasteri mazkur erkin iqtisodiy zonada 70 million dollarlik loyihani amalga oshirib, 3 ming 570 ta ish o‘rni yaratishi rejalashtirilgan. Viloyatning boshqa tumanlaridagi qiymati jami 17 million dollar bo‘lgan loyihalar esa yana 1 ming 220 kishini ish bilan ta’minlashi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat rahbari fabrikadagi ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Bu yerda joriy qilingan resurs tejamkor texnologiyalar boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Klasterga safar davomida tadbirkor O‘zbekiston rahbariga o‘zi ishlab chiqarayotgan kiyimdan sovg‘a qildi.

«O‘tgan safar berganimda berishmadi, menimcha. Endi o‘zim qo‘lim bilan bermoqchiman», — dedi tadbirkor.

U har bir mahsulot aynan O‘zbekistonniki ekanini aytib, osh pishirganda shu kiyimni kiyishni tavsiya qildi. Shavkat Mirziyoyev «Made in Qashqadaryo» deb javob qaytardi.

Teglar

Mavzuga oid