add

1-yanvardan O‘zbekistonda yer solig‘i stavkalari oshdi

Kecha 11:152 daqiqa

2026 yildan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha soliq to‘lovlari oshirilib, stavkalarni mahalliy Kengashlar belgilaydigan bo‘ldi.

1-yanvardan O‘zbekistonda yer solig‘i stavkalari oshdi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-yanvardan yer solig‘ining yangi stavkalari kuchga kirdi. Bu 2025 yil 25-dekabrda qabul qilingan qonunga muvofiq joriy etildi. Hujjat Soliq kodeksiga soliq va budjet siyosatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq qator tuzatishlarni nazarda tutadi.

Qonunga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun soliqning bazaviy stavkalari o‘rtacha 7 foizga oshirildi. Bu, avvalo, shaharlar va sanoat hududlarida joylashgan yer uchastkalari uchun soliq yuklamasining oshishini anglatadi.

1

Yuridik shaxslar uchun 1 gektar yerga belgilangan bazaviy stavkalar saqlanib qolgan holda, ayrim toifalar bo‘yicha koeffitsiyentlar qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, infratuzilma ob’ektlari joylashgan yerlar uchun soliq stavkalariga qo‘llaniladigan koeffitsiyent 0,45 dan 0,48 gacha oshirildi. Bu elektr uzatish liniyalari, aloqa tarmoqlari, temir yo‘llar, magistral neft va gaz quvurlari, aeroport infratuzilmasi hamda konservatsiyalangan ob’ektlarga taalluqli.

2

Jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun yer solig‘i har bir kvadrat metr hisobida belgilanadi. Bunda hududiy Kengashlar va Qoraqalpog‘iston Jo‘qori Kengesi soliq stavkalariga 0,5 dan 1,2 gacha oshiruvchi yoki pasaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari uchun soliq stavkasi o‘zgarishsiz qoldi. Ular uchun soliq yerning me’yoriy qiymatining 0,95 foizi darajasida saqlanib, bu stavka jismoniy va yuridik shaxslar uchun bir xil qo‘llaniladi. Xuddi shu tartib issiqxona xo‘jaliklari joylashgan yerlarga ham tatbiq etiladi.

Yangi yildan yuridik shaxslar uchun yer solig‘i hisobotini tuzishning proaktiv tartibi joriy etilmoqda. Soliq organlari hisobotni mavjud ma’lumotlar asosida tayyorlaydi, soliq to‘lovchi esa besh kun ichida unga tuzatish kiritish huquqiga ega. Agar tuzatish kiritilmasa, hisobot qabul qilingan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1-yanvardan boshlab soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun qo‘llaniladigan ma’muriy jarimalar miqdori kamayishi haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid