
10 mln so‘m o‘rtacha oylik, Zoom'dagi ishq, qachon pasayishi ma’lum bo‘lgan issiq — 25 iyul dayjesti
25.07.2025 | 22:0141128
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz

O‘zbekiston banklari 2025 yilning birinchi yarmida qancha foyda ko‘rdi?
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bank sektorining sof foydasi 6,5 trln so‘mdan oshdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 991 mlrd so‘mga ko‘p. Eng katta foyda ko‘rgan bank — O‘zmilliybank (1 trln 5 mlrd so‘m), undan keyin O‘zsanoatqurilishbank, Biznesni rivojlantirish banki, Aloqabank va boshqalar qayd etilgan. Asakabank foydasi 23,5 mlrd so‘mga kamaygan. Barcha davlat banklari moliyaviy jihatdan ijobiy natija qayd etdi.
Xususiy banklar natijalari turlicha bo‘lib, Kapitalbank 602,4 mlrd so‘m foyda bilan yetakchi bo‘lgan, biroq uning ko‘rsatkichi pasaygan. Ayrim banklar — masalan, TBC Bank va Ziraat Bank — foyda ko‘rsatsa-da, tushish qayd etilgan. Shu bilan birga, bir qator xususiy banklar, jumladan, Ipoteka Bank va Yangi Bank, yarim yillikni moliyaviy zarar bilan yakunladi. Octobank esa 162,3 mlrd so‘m foyda qayd etib, o‘tgan yilga nisbatan yaxshilangan.
Hafta oxirida O‘zbekistonda ob-havo sezilarli darajada salqinlashadi
Haftaning oxiriga qadar O‘zbekistonda kuchli issiqlik saqlanadi: 25–26 iyul kunlari harorat mamlakatning ko‘pchilik hududlarida +38…+40 daraja, janubda esa +43 darajagacha yetishi mumkin. Hech qanday yog‘ingarchilik kutilmayapti. Toshkentda ham shu kunlarda havo +40 darajagacha iliydi.
27 iyuldan boshlab ob-havo sezilarli darajada salqinlashadi: harorat +34…+37 darajagacha tushadi, janubda esa +39 daraja bo‘ladi. Ayrim hududlarda shamol kuchayib, chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Bu ayrim yo‘llarda ko‘rish imkoniyatini cheklashi mumkin.
Toshkentda o‘rtacha oylik maosh 10 mln so‘mdan oshdi
O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida o‘rtacha ish haqi 5,9 mln so‘mdan oshdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga ko‘p. Toshkent shahrida esa maosh miqdori 10,1 mln so‘mni tashkil etib, respublikada eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi. Poytaxtdagi o‘sish 18,8 foizni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati (7,4 mln so‘m, 13,4 foiz o‘sish), uchinchi o‘rinda esa Toshkent viloyati (5,6 mln so‘m, 15,3 foiz o‘sish) joylashdi. Hududlar kesimidagi farqlar iqtisodiy rivojlanish, sohaviy faollik va mehnat bozori sharoiti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda iyun oyida avtomobil importi keskin kamaydi
2025 yil iyun oyida O‘zbekistonga 96,8 mln dollarlik 5968 ta yengil avtomobil import qilindi — bu may oyiga nisbatan miqdor jihatdan 5,3 foizga, qiymat jihatdan esa 13,2 foizga kam. Elektromobillar asosiy ulushni egallab, faqat iyunning o‘zida 4567 ta elektr avto olib kirildi — bu oylik importning 76 foizini tashkil etdi.
Avtomobillar importida Xitoy mutlaq yetakchi bo‘lib, iyun oyida keltirilgan avtoulovlarning qariyb 93 foizi aynan shu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Janubiy Koreya va Hindistondan keltirilgan avto miqdori ancha kamaygan, AQSH va Yaponiya hissasi esa juda kichik. Joriy yilning birinchi yarmida respublika 24 ming 355 ta avto import qilgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi elektromobillardir.
Zoomʼdagi majlis vaqtida ishqiy munosabat bilan shug‘ullangan amaldor va kotiba ishdan olindi
Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi rahbari Abdurahmon Alimov hamda kotiba vazifasida ishlovchi ayol Zoom yig‘ilishi vaqtida xizmat xonasida ishqiy holatda tasvirga tushgani ortidan ishdan bo‘shatildi. Ularning suratlari 24 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, voqea 16 iyulda bo‘lgani ma’lum qilindi.
Shahar hokimi Gavhar Alimova bu holatni tasdiqlar ekan, «odob-ahloq buzilishi barchamizni uyatga qo‘ydi», deya fikr bildirgan. Shuningdek, vazirlik matbuot kotibi Gulnoza Alimova ham xodimlarning ishdan olinganini ma’lum qildi va tizimda odob-axloq qoidalari buzilishiga nisbatan murosasiz yondashuv qo‘llanilishini ta’kidladi.





