add

2025-yilda jarima ballari olgan haydovchilar soni ochiqlandi

Kecha 10:352 daqiqa

2025-yilda O‘zbekistonda 165 mingdan ortiq haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jarima ballari oldi.

2025-yilda jarima ballari olgan haydovchilar soni ochiqlandi

2025 yilning yetti oyi davomida O‘zbekistonda 165 210 nafar haydovchiga yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jarima ballari qo‘llanildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi. Jarima ballari 1-iyundan boshlab, asosan qo‘pol turdagi qoidabuzarliklar uchun joriy etilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jarima bali qo‘llangan haydovchilarning 165 193 nafari 0,5 dan 5 ballgacha bo‘lgan oraliqda jami ball to‘plagan. Shu bilan birga, ayrim holatlarda yuqori ko‘rsatkichlar ham qayd etilgan. Xususan, uch nafar haydovchida 7,5–8 ball mavjud, ikki nafari 6,5–7 ball, 12 nafari esa 5,5–6 ball to‘plagan.

2025 yilning so‘nggi ikki oyidayoq 50 mingdan ortiq haydovchi jarima ballarini olgan. Bu holat tizim joriy etilganidan keyin nazorat kuchayganini va yo‘l harakati intizomiga bo‘lgan talab oshganini anglatadi.

2026 yil 1-apreldan e’tiboran foto va video qayd etishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan qurilmalar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun ham ballar qo‘llaniladi. Ayni paytda jarima ballari faqat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanmoqda.

Qoidalarga ko‘ra, jarima bali transport vositasining egasiga emas, balki qoidabuzarlik paytida rulda bo‘lgan shaxsga yoziladi. Agar avtomashina ishonchnoma, OSAGO sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi asosida boshqa shaxs tomonidan boshqarilgan bo‘lsa, ballar aynan shu haydovchiga hisoblanadi.

Shuningdek, 12 oy davomida qoida buzmagan haydovchilarga rag‘bat sifatida, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi. Jami jarima balli 12 balldan oshgan haydovchilar esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.

Teglar

Mavzuga oid