
2026 yilda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga 140 trln so‘m kredit ajratiladi
Shuningdek, oilaviy biznes uchun imtiyozli kredit maksimal miqdori 50 mln so‘mga yetkazilishi belgilanmoqda.

2026 yilda O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trillion so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, amalda banklar tomonidan taklif etilayotgan kredit shartlari barcha hududlar uchun bir xil bo‘lib kelayotgani iqtisodiy imkoniyatlar farqini inobatga olmaydi. Shu sababli yangi tartibga ko‘ra, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, kredit shartlari differensiatsiya qilinadi. Prezident misol tariqasida Olmazor va Bo‘zatov tumanlarini solishtirib, bir xil foiz stavkasi adolatli emasligini qayd etdi. Endi «og‘ir» deb belgilangan 37 tumanda oilaviy tadbirkorlik kreditlari 12 foiz stavkada ajratiladi.
Kredit limitlari kengaydi
Yangi qarorlarga muvofiq, barcha tumanlarda oilaviy biznes uchun imtiyozli kreditning maksimal miqdori 1,5 baravarga oshirilib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Ayrim yo‘nalishlar uchun esa alohida yuqori limitlar belgilanmoqda. Jumladan, import qilingan va sertifikatli naslli chorva xaridi uchun 100 million so‘mgacha kredit olish imkoniyati yaratiladi. Uy mehmonxonalari, kichik hajmli muzlatkichlar, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan mini texnologiyalar uchun esa 150 million so‘mgacha garovsiz kredit taqdim etiladi. Bundan tashqari, chegara va anklav hududlarda joylashgan 562 ta mahallada amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalari uchun kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi.
Qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash
Oilaviy tadbirkorlik dasturlarini moliyalashtirish uchun joriy yilda rejalashtirilgan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltiriladi. Shuningdek, mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida banklar tomonidan 17 trillion so‘mlik kredit ajratilishi belgilangan. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, qayta ishlash loyihalari bo‘yicha esa 6 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Kutilayotgan islohotlar hududlarda tadbirkorlik faolligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganligini haqida xabar bergan edik.





