add

412 ming so‘mga «tonirovka», 9 tonna oltin sotib olgan O‘zbekiston va maktabdagi «fond» puli — 7 avgust dayjesti

07.08.2025 | 22:0035627

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

412 ming so‘mga «tonirovka», 9 tonna oltin sotib olgan O‘zbekiston va maktabdagi «fond» puli — 7 avgust dayjesti
O‘zbekiston iyun oyida dunyoda eng ko‘p oltin sotib oldi Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida dunyo bo‘ylab markaziy banklar jami 22 tonna oltin xarid qilgan. Bu talab uchinchi oy ketma-ket o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi. Ushbu davrda eng yirik xaridor sifatida O‘zbekiston tan olindi — mamlakat 9 tonna oltin sotib olgan. O‘zbekiston to‘rt oylik «sotuv rejimi»dan so‘ng bozorga qaytib, yana oltin zaxiralarini to‘plashni boshladi. Bu o‘zgarish mamlakatning valyuta-oltin zaxiralarini mustahkamlashga qaratilgan strategiyasi doirasida amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.   Sudyalar oliy kengashida kutilmagan faollik: 13 kunda 100 dan ortiq tayinlov Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov vakolati tugashi arafasida (2025 yil 6 avgust) 13 ish kuni ichida 7 marta kengash yig‘ilishini chaqirib, 100 dan ortiq sudya tayinladi. Bu muddatda odatdagidan ancha ko‘p tayinlov amalga oshirildi. 15–31 iyul hamda 4–5 avgust kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishlarda 77 nafar yangi bitiruvchi sudya qilib tayinlandi, 20 nafar yangi muddatga, 37 nafari esa qayta tayinlandi. Kengash bu orqali sudlardagi bo‘shliq va yuklamani kamaytirishni maqsad qilgan. Yodgorov hozirda ta’tilda.   1 maydan 31 avgustgacha yengil avtomobilllarga «tonirovka» — 412 ming so‘m 1 maydan 31 avgustgacha M1 toifali yengil avtomobil egalari uchun old yon oynalarni qoraytirish (tonirovka) ruxsatnomasi 412 ming so‘m qilib belgilandi. Bu maxsus yozgi tartib bo‘lib, har yili shu oylarda amal qiladi. Belgilangan muddatdan tashqari paytlarda old eshik oynasi uchun to‘lov 8 BHM — 3,3 mln so‘mni tashkil qiladi, orqa yon va orqa oyna — bepul. Tartib faqat M1 toifasiga taalluqli. Qonunbuzarlik uchun jazo belgilangan.   O‘zbekiston hayot sifati bo‘yicha reytingga nega kira olmadi? Shvetsiya, Daniya va Lyuksemburg kabi mamlakatlar Numbeo indeksida hayot sifati bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Ularda ijtimoiy tenglik, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash va atrof-muhit muhofazasi kabi ko‘rsatkichlar yuqori. Qatar va O‘mon ham reytingda yuqori o‘rinlarni egallab, Yaqin Sharqdagi barqaror davlatlar sifatida ajralib turdi. O‘zbekiston xavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng xavfsiz 30 ta davlat qatoriga kirgan. Toshkent esa Osiyodagi eng yaxshi 30 ta shahardan biri. Biroq mamlakat Numbeo indeksiga kiritilmagan. Sababi — platformadan foydalanuvchilar soni kamligi va yetarlicha ma’lumot bazasining mavjud emasligi. Bu raqamli faollikning pastligi bilan bog‘liq.   Maktablarda yig‘iladigan «fond» puli: u nimalarga sarflanadi? Andijonning Marhamat tumanida o‘qituvchilar ta’til vaqtida majburiy ravishda ishlatilgani va «fond» puli yig‘ilishi bo‘yicha holat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Qonuniy taqiqlarga qaramay, ba’zi maktablarda hali ham har oy ota-onalardan pul yig‘ilayotgani aytiladi. Bu pullar odatda farrosh va qorovulga qo‘shimcha haq, sinf ehtiyojlari, bayram sovg‘alari uchun ishlatiladi. Vazirlik ta’lim muassasalarida pul yig‘ish taqiqlanganini bir necha bor ta’kidlagan. Ammo amalda pul yig‘ish «ota-onalar qo‘mitasi» orqali, o‘qituvchi ishtirokisiz amalga oshiriladi. Bu jarayon shaffof bo‘lmagani sabab, yig‘ilayotgan mablag‘ning sarflanishi ko‘pincha ota-onalar uchun noaniq bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid