
9 oyda O‘zbekistonda ikkilamchi uy narxlari dollarda 5 foizga oshdi
Markaziy bankning ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqiz oyda uy-joy bitimlari 11 foizga ko‘paydi, ikkilamchi bozordagi narxlar esa so‘mda 1,7 foizga, dollarda 5 foizga o‘sdi.

Markaziy bank 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. To‘qqiz oylik davr yakuniga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha jami 274 mingta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga ko‘pdir. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ayniqsa, iyul oyida savdolar keskin oshib, bitimlar soni 35 mingtaga yaqinlashgan.
Ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar ham o‘sishda davom etgan. Markaziy bank xabarida qayd etilishicha, ikkilamchi segmentda so‘mdagi o‘sish 1,7 foizni, dollardagi o‘sish esa 5 foizni tashkil etgan. Bunda so‘mning mustahkamlanishi asosiy omil sifatida qayd etilgan: yil boshidan beri dollar milliy valyutaga nisbatan 6,4 foizga arzonlashgan.
Taqqoslash uchun, 2023 yilda ikkilamchi bozorda so‘mdagi narxlar 35,1 foizga, dollardagi narxlar esa 23 foizga oshgan edi. 2024 yilda o‘sish sur’ati sekinlashib, so‘mda 6,3 foiz, dollarda 1,8 foizni tashkil qilgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM)ning hisob-kitoblari Markaziy bank ma’lumotlariga yaqin bo‘lsa-da, bitimlar soni bo‘yicha biroz farq qiladi. Markaz markazi ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqiz oyda respublika bo‘yicha uy-joy savdosi 212 mingta bo‘lib, 2024 yilga nisbatan 11,5 foiz ko‘paygan. Markazning tahlillariga ko‘ra, ikkilamchi bozordagi o‘rtacha yillik narxlar o‘sishi 4,6 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida 6,7 foiz bo‘lgan.
Toshkent shahridagi vaziyat ham turlicha dinamikani ko‘rsatgan. Sentyabr oyida poytaxtda ikkilamchi uy narxlari 0,6 foizga oshgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 1,7 foizga pasaydi. Ayniqsa, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida narxlar o‘rtacha 4,3 foizga tushgani qayd etildi.
Birlamchi uy-joy bozorida yillik o‘sish 3 foizni tashkil etdi. Eng tez ko‘tarilish poytaxtning Mirobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida kuzatilib, o‘rtacha 5,8 foizni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyida nimalar qimmatlashgani haqida ma’lumot bergan edik.





