add

«Aslida yaratilmagan 900 mingga yaqin ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgan» — Bosh prokuror

06.09.2025 | 11:007844

O‘tgan yili O‘zbekistonda amaliy ravishda yaratilmagan 900 ming ish o‘rni rasmiy hisobotlarga qo‘shib yozilgani ochiqlandi.

«Aslida yaratilmagan 900 mingga yaqin ish o‘rni hisobotlarga qo‘shib yozilgan» — Bosh prokuror
5 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlarning bajarilishida jiddiy kamchiliklar aniqlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ayrim mutasaddilar masalaga jiddiy yondashmagan va natijada hisobotlarga soxta ma’lumot kiritilgan. Prokuratura tekshiruvlari davomida 78 ta holatda 12 mlrd so‘m ish haqi talon-toroj qilingani fosh etildi. Shuningdek, fuqarolarga to‘lanmagan 11 mlrd so‘m ish haqi qaytarilib berildi. Yo‘ldoshevning aytishicha, o‘tgan yili prokuratura organlari 29 mingdan ortiq tadbirkor va investorga amaliy yordam ko‘rsatgan. Bu jarayonda 7 mingdan ziyod yangi korxona ochilib, 8 mingga yaqinining faoliyati tiklanishiga ko‘maklashilgan, natijada 22 ming ish o‘rni yaratilgan. Shu bilan birga, tadbirkorlikka to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq 22 ming holat aniqlangan va ular bo‘yicha keskin choralar ko‘rilgan. Prokuratura organlari yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha ham bir qator vazifalarni bajardi. Xususan, 3 trln 449 mlrd so‘mlik soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari ochilib, aybdorlar javobgarlikka tortilishi ta’minlandi. Yo‘ldoshev ta’kidlashicha, keyingi besh yilda inflyatsiya 60 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish mezonlari o‘zgartirilmagan. Bu sababli yirik korxonalarning qariyb 75 foizi barcha soliq tushumlarining atigi 5 foizini to‘lab kelgan. Bosh prokuratura takliflaridan so‘ng mezonlar uch barobar oshirilib, 1300 ta yirik soliq to‘lovchi hududiy boshqarmalarga o‘tkazildi. Natijada ulardan oylik 200 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha soliq tushumi ta’minlandi.

Teglar

Mavzuga oid