add

«Avatar» filmining uchinchisi jahon prokatida 500 mln dollar to‘pladi

Bugun 16:582 daqiqa

Jeyms Kemeron suratga olgan «Avatar: Olov va kul» filmi jahon prokatida ilk haftadayoq 500 mln dollar yig‘ib, kassaviy muvaffaqiyatni tasdiqladi.

«Avatar» filmining uchinchisi jahon prokatida 500 mln dollar to‘pladi

Jeyms Kemeron rejissyorligidagi «Avatar: Olov va kul» filmining jahon bo‘ylab umumiy yig‘imlari 500 mln dollardan oshdi. Bu haqda The Hollywood Reporter nashri ma’lum qildi. Nashr qayd etishicha, film 25-dekabr — Rojdestvo kuni ushbu marrani bosib o‘tgan.

24-dekabr holatiga ko‘ra, filmning Shimoliy Amerikadagi ichki prokat yig‘imlari 129,2 mln dollarni tashkil etgan. Xalqaro bozorlarda esa «Avatar»ning uchinchi qismi 353,6 mln dollar daromad keltirgan. Shu tariqa, loyiha chiqishining ilk kunlaridayoq yarim milliard dollarlik natija qayd etildi.

Jeyms Kemeron avvalroq «Avatar» franshizasi rejalari uzoq muddatli ekanini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rtinchi film suratga olish ishlari yarmiga yetgan, beshinchi qism ssenariysi esa to‘liq yozib bo‘lingan. Shu bilan birga, rejissyor oltinchi va yettinchi qismlar uchun ham g‘oyalar mavjudligini aytgan, biroq kelajakda franshizani boshqa kinematografistga topshirish ehtimolini ham istisno qilmagan.

«Avatar: Olov va kul » — Pandora sayyorasi haqidagi mashhur kinodostonning uchinchi qismi hisoblanadi. U 2022 yilda chiqqan «Avatar: Suv yo‘li» filmi voqealaridan bir hafta o‘tib boshlanadi. Yangi qismda Jeyk Salli va Neytiri oilasi yangi, tajovuzkor «olov va kul» klanining qarshiligiga duch keladi.

Film 19-dekabrdan prokatga chiqqan bo‘lib, asosiy rollarda Sem Uortington, Zoi Saldana, Keyt Uinslet, Sigurni Uiver kabi aktyorlar yana ekranga qaytgan.

Avvalroq boyligi 1,1 mlrd dollarga yetgani ma’lum qilingan Jeyms Kemeron «Terminator» uchun uchinchi ssenariy yozayotgani haqida ham xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid