
Avgust oyida ehtiyojmand oilalarga 4,1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘landi
30.09.2025 | 14:0013273
O‘zbekistonda avgust oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ehtiyojmand oilalarga jami 4,1 mlrd so‘m kompensatsiya mablag‘lari ajratildi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur mablag‘ elektr energiyasi va tabiiy gazdan belgilangan me’yordan ortiq foydalangan oilalarning to‘lovini qoplash uchun yo‘naltirilgan. Prezident qaroriga ko‘ra, aholiga elektr energiyasi bo‘yicha 150 kVt va tabiiy gaz bo‘yicha 150 metr kubdan ortiq sarf etilgan qismi uchun bazaviy me’yordagi va me’yordan yuqori narxlar orasidagi farq davlat hisobidan qoplab beriladi.
Avgust oyida qabul qilingan arizalar asosida 222 ming 887 oilaga kompensatsiya tayinlandi. Shuningdek, 1 mln 711 mingdan ortiq ehtiyojmand oila umumiy tartibda kompensatsiya olish uchun murojaat qilgan.
Hisobot davrida 3,6 mlrd so‘m elektr energiyasi uchun, 552,7 mln so‘m esa tabiiy gaz uchun kompensatsiya ajratilgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich may—avgust oylari davomida 350,6 ming oilaga to‘langan 17,3 mlrd so‘mlik umumiy kompensatsiya mablag‘lari tarkibidagi navbatdagi qism hisoblanadi.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida 278,1 ming oilaga 5,8 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langan bo‘lib, bu iyun oyiga nisbatan 71,3 ming oilaga ko‘proq natija qayd etilganini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan e’tiboran ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr energiyasi bo‘yicha kompensatsiya olish uchun arizalar qabul qilinmoqda. Yangi tizimga ko‘ra, to‘lovlar faqat qish mavsumi emas, balki yilning har oyida amalga oshiriladi.





