
Axborot sohasida nazorat va monitoring yuritish vakolatlari AOKAdan «O‘zkomnazorat»ga o‘tkazildi
16.07.2025 | 12:0013373
Prezident farmoniga asosan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatilib, uning axborot sohasidagi nazorat va monitoring funksiyalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga topshirildi.
O‘zbekiston Prezidentining 14 iyul kuni qabul qilgan «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tugatildi. Bu haqda Adliya vazirligi rasman ma’lum qildi.
Farmonga binoan, AOKA zimmasida bo‘lgan axborot sohasida nazorat va monitoring yuritish bilan bog‘liq vazifalar Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga (O‘zkomnazorat) o‘tkazildi. Bu o‘zgarish sohada yagona tizimli nazoratni shakllantirish va mas’uliyatni aniqlash maqsadini ko‘zlaydi.
Shuningdek, AOKA huzurida faoliyat yuritib kelgan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz endilikda Prezident Administratsiyasi tarkibida ish olib boradi.
Mazkur o‘zgarishlar davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish, ortiqcha takroriyliklarni bartaraf etish hamda soha samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Reforma doirasida axborot siyosati, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik va jamoatchilik bilan munosabatlar borasidagi davlat funksiyalari boshqa tegishli organlarga taqsimlanishi ham kutilmoqda.
Avvalroq, davlat boshqaruvi tizimida proaktivlik va natijadorlikni oshirish maqsadida bir qator agentlik va tashkilotlar qayta tuzilganligi va vakolatlari qayta taqsimlanligi haqida xabar bergan edik.





