
Bog‘chada zaharlangan bolalar, Trampni ishontirgan Mirziyoyev va boshog‘riqqa aylangan UzIMEI — 25 sentyabr dayjesti
25.09.2025 | 22:303729
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«O‘zbek xalqi aytadi va qiladi. Shunga biz ishontirdik — Mirziyoyev Tramp bilan uchrashuvi haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar va «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi sovrindorlari bilan uchrashuvda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi yakunlari haqida gapirib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti bilan «juda yaxshi uchrashuv» bo‘lib o‘tgani, suhbatda juda ko‘p masalalar kelishib olinganini ta’kidlab, Donald Trampning O‘zbekiston haqida ijobiy fikrda ekanini aytdi.
«Hammangizning xabaringiz bor, 5 sentyabr kuni Amerika taklifiga binoan Tramp janoblari bilan juda mazmunli suhbatimiz bo‘lgan edi. U suhbatda biz, albatta, uchrashishimizni aytdi. Men O‘zbekiston to‘g‘risida bilar edim-u, lekin bunchaligini bilmasdim,dedi. Kecha juda yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Juda ko‘p masalalarni kelishib oldik. Twitter’da yozilganlarini o‘qigansizlar, albatta. O‘zbek xalqi aytadi va qiladi, biz shunga ishontirdik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
24 sentyabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘ida o‘zgarish kuzatilib, ular yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib borilgani haqida xabar bergan edik. Biroz vaqtdan so‘ng Yuqori Chirchiqdagi bog‘cha tarbiyalanuvchilarida ham zaharlanish holatlari kuzatilgani aniqlangan. Holatlar yuzasidan jinoyat ishi ochilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bog‘chalarda tarbiyalanuvchi bolalar tana harorati, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. Dastlabki tibbiy ko‘rikdan so‘ng, bolalarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilgan va aksariyatining sog‘lig‘i yaxshilangan. Og‘ir ahvolda bo‘lgan bolalar aniqlanmagan.
Toshkent viloyatidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, shuningdek, tuman bo‘limlari mutaxassislari maktabgacha ta’lim muassasalarining oshxonasini tekshirishga kirishdi. Bolalar iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tekshirilmoqda.
Banklarga omonat qo‘yish ko‘proq kimlarni qiziqtirmoqda?
Markaziy bank taqdim etgan «Bank omonatlari bozori» tahliliga ko‘ra, omonat hisoblarining asosiy qismi 16–30 yoshdagi yoshlar tomonidan ochilgan. Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu toifadagi aholi 13,3 millionga yaqin omonat ochgan. Bu umumiy ko‘rsatkichda eng yuqori ulush hisoblanadi. Keyingi o‘rinda 31–40 yoshdagi fuqarolar turibdi, ular tomonidan 12,4 million omonat ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Kattaroq yosh toifalarida omonatlar soni ancha past darajada. Bolalar uchun ochilgan omonatlar esa eng kam ko‘rsatkichni tashkil qildi — bor-yo‘g‘i 126,2 ming. Markaziy bank hisobotida ta’kidlanishicha, aholining bank tizimiga ishonchi ortib borayotgani va yoshlar moliyaviy xizmatlardan foydalanishga ko‘proq qiziqish bildirishi omonat bozorining o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Paxta mavsumida uch mansabdor jazolandi
Bandlik vazirligi o‘tkazayotgan monitoringga ko‘ra, 10-20 sentyabr kunlarida 11 holatda mehnat qonunchiligi buzilishi aniqlanib, mansabdor shaxslarga MJtK 49-moddasiga asosan javobgarlik choralar belgilangan.
Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 3 nafar mansabdor shaxslarga MJtK 51-modda 1-qismiga ko‘ra chora ko‘rilgan. MJtK 51-modda 1-qismi Mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash bilan bog‘liq huquqbuzarlik hisoblanadi va bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Vazirlik jazolangan mansabdor shaxslar va tegishli tashkilotlar nomini ochiqlamagan. Paxta terimiga majburlashlar yoki terimchi chiqarish uchun pul ushlab qolishga (xususan, maoshdan) urinishlar yuz bergan 1176, (71) 200-06-00 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling. Yoki https://munosibmehnat.uz/ portaliga yozing.
Boshog‘riqqa aylangan UzIMEI: narxlar nega oshib ketdi?
Tahririyatimizga Toshkentdagi «Malika» bozorida telefon IEMI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi ancha oshganidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Murojaatchilar avvallari bu xizmat 30–40 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir 100 dollardan 400 dollargacha yetganidan shikoyat qilgan. Vaqt.uz muxbiri ro‘yxatdan o‘tkazish narxlarining o‘n baravar o‘sish sabablarini o‘rganish maqsadida surishtiruv olib bordi. Surishtiruv tafsilotlari haqida batafsil quyidagi maqolada bilib olasiz.





