
Budapesht saboqlari: Sheriklarning ishonchsizligi Ukrainani «po‘lat tipratikan»ga aylantiryapti
Kiyev Yevropa va AQSH ukrainaliklarni xavfsizlik kafolatlarisiz qoldirishi mumkinligini inobatga olib, og‘ir ssenariyga hozirlik ko‘rmoqda — mamlakat faqat o‘z kuchiga ishonmoqchi.

Kiyev har qanday xalqaro xavfsizlik kafolatlari quruq va’da bo‘lib chiqishi mumkinligi taxmin qilinayotgan pessimistik ssenariyni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «Politico» o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Xavfsizlik kafolatlariga ishonchsizlik
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, urush tugaganidan keyin Ukraina, avvalo, o‘z kuchiga tayanib, Rossiya qayta hujum qilishga jurat etolmaydigan «po‘lat tipratikan»ga aylanishni maqsad qilgan.
Portal suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Ukraina hukumati g‘arbiy hamkorlarning tashqi majburiyatlariga tobora ishonchsizlik bilan qaramoqda. AQSHning Ukrainani NATOga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishdan bosh tortishi va Donald Tramp siyosatining kutilmagan jihatlari bu shubhalarni yanada kuchaytirgan. Kiyevda 1994 yilgi Budapesht memorandumi tez-tez yodga olinmoqda: o‘shanda yadro qurolidan voz kechish evaziga AQSH, Buyuk Britaniya va Rossiya tomonidan berilgan kafolatlar yakunda ish bermagan edi.
Armiyaga tayangan mudofaa modeli
Ukrainaning NATOdagi missiyasi rahbari Alena Getmanchukning aytishicha, endi xavfsizlikning asosi shartnomalar emas, balki armiyasi va mudofaa sanoati hisoblanadi. Diplomatning qayd etishicha, Ukraina faqat o‘z kuchigina Kremlni tiyib turishga qodir, degan to‘xtamga kelgan.
Bu strategiyaning muhim elementi — muntazam armiyadir. Kiyev muzokaralarda 800 ming kishilik qurolli kuchlarni saqlab qolishni talab qilmoqda. «Politico»ning aniqlik kiritishicha, bu tinchlik davri armiyasini shakllantirish bo‘yicha uzoq va katta xarajatli jarayonni anglatib, unda asosiy e’tibor tayyorgarlik, boshqaruv va motivatsiyaga qaratiladi.
Mudofaa sanoati va moliyaviy cheklovlar
Ikkinchi tayanch nuqtasi — mudofaa sanoatidir. Ukraina bir martalik texnologik yutuqlarga emas, balki seriyali ishlab chiqarishga urg‘u bermoqda. 2025 yilda Ukraina Mudofaa vazirligi 4,5 million dona FPV-dron ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzoladi — vazirlik uchuvchisiz tizimlar uchun 110 milliard grivna (2,5 milliard dollar) sarfladi.
Shu bilan birga, Kiyev Rossiya hududi ichkaridagi nishonlarni yo‘q qilishga qodir uzoq masofali raketalar va zarbdor dronlarni rivojlantirmoqda. Nashrning yozishicha, Kiyev infratuzilmalarga zarba berish xavfini Moskvani tiyib turish siyosatining bir qismiga aylantirishga umid qilmoqda.
Biroq bu strategiyaning ham o‘z cheklovlari bor. Mudofaa korxonalari yiliga qariyb 35 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishi mumkin, ammo davlat bu hajmning faqat uchdan birinigina moliyalashtirishga qodir. Uzoq muddatli shartnomalar va barqaror mablag‘ bo‘lmasa, «po‘lat tipratikan» real himoya emas, balki shunchaki obraz bo‘lib qolish xavfi ostida, deya xulosa qiladi gazeta.





