add

«ChatGPT» voyaga yetmagan foydalanuvchilarga ba’zi cheklovlar qo‘yadi

Bugun 12:092 daqiqa

Endi «ChatGPT» foydalanuvchi yoshini aniqlab, voyaga yetmaganlar uchun mos kontent cheklovlarini kuchaytiradi.

«ChatGPT» voyaga yetmagan foydalanuvchilarga ba’zi cheklovlar qo‘yadi

«OpenAI» bolalar va o‘smirlarni raqamli muhitda himoya qilishga qaratilgan yangi yondashuvni ishga tushirdi. Kompaniya ma’lum qilishicha, «ChatGPT» platformasiga «yoshni bashorat qilish» funksiyasi joriy etildi.

Ushbu mexanizm foydalanuvchining yoshini taxminan aniqlash orqali, suhbat mazmuniga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar qo‘llash imkonini beradi. Bu qaror sun’iy intellektning yoshlarga ta’siri bo‘yicha jamoatchilikda kuchayib borayotgan xavotirlar fonida qabul qilindi.

Foydalanuvchining yoshi qanday aniqlanadi?

Yangi funksiya sun’iy intellekt algoritmlariga asoslangan bo‘lib, foydalanuvchi akkauntlarini muayyan xulq-atvor va texnik belgilar orqali baholaydi. Bunday «signallar» qatoriga foydalanuvchi ko‘rsatgan yosh ma’lumoti, akkauntning qachon ochilgani, shuningdek, odatda qaysi vaqtlarda faol bo‘lishi kiradi. Agar tizim akkaunt egasini 18 yoshga to‘lmagan deb baholasa, mavjud kontent filtrlari avtomatik tarzda ishga tushadi.

So‘nggi yillarda «OpenAI» «ChatGPT»ning bolalar va o‘smirlarga salbiy ta’siri haqida jiddiy tanqidlarga duch kelmoqda. Ayrim holatlarda o‘smirlar orasidagi o‘z joniga qasd qilish voqealari ushbu chat-bot bilan bog‘langani haqida da’volar bildirilgan. Shuningdek, platforma yosh foydalanuvchilar bilan jinsiy mavzular muhokamasiga yo‘l qo‘ygani uchun ham tanqid qilingan.

Nega bu funksiya ishlab chiqildi?

Kompaniya bu muammolarni bartaraf etish ustida avvaldan ishlab kelayotganini ta’kidlaydi. Jumladan, 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun jinsiy aloqa, zo‘ravonlik va boshqa ehtimoliy xavfli mavzularni cheklovchi kontent filtrlari mavjud. Yangi «yoshni bashorat qilish» funksiyasi esa ushbu himoya choralarini yanada kuchaytirib, ularning avtomatik qo‘llanishini ta’minlaydi.

«OpenAI»ning ta’kidlashicha, mazkur yangilik platformadan xavfsiz foydalanishni ta’minlash va yosh foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, avvalroq «ChatGPT»da ish topishga ko‘maklashuvchi «ChatGPT Jobs» va salomatlikka oid ma’lumotlar uchun mo‘ljallangan «ChatGPT Health» bo‘limlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid