
Chekinayotgan jazirama, Samarqandda buzilayotgan o‘sha mashhur 12 qavatli uy va haydovchilarga chiqqan «jek-pot» — 28 iyul dayjesti
28.07.2025 | 22:0045789
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz

Samarqandning mashhur «qo‘ziqorinsimon uyi» buzilmoqda
Samarqand shahridagi «qo‘ziqorin uy» nomi bilan mashhur bo‘lgan 12 qavatli mehmonxona rasman buzila boshladi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, mazkur inshoot shaharsozlik hujjatlarisiz, qonun talablari buzilgan holda qurilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur ob’ekt fuqaro F.Xalilov tomonidan qurilgan bo‘lib, uning qurilishi bir necha marta tegishli idoralar tomonidan to‘xtatishga chaqirilgan. Shu bilan birga, binoning seysmik jihatdan talablarga javob bermasligi, foydalanish uchun xavfli ekani aniqlangan.
«Toshshahartrans»ning 7,5 yilga qamalgan sobiq rahbari yarim yilda ozod etildi
«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatining sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev 2024 yil fevral oyida hibsga olingan va joriy yil boshida sud tomonidan 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Uning ustidan juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, soliqdan bo‘yin tovlash, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, soxtakorlik va jinoiy daromadlarni legallashtirish kabi 7 ta modda bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgandi.
Biroq, 2025 yil 5 iyun kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati uning jazosini yengillatish haqida qaror qabul qildi. Yangi qarorga muvofiq, Jo‘rayevga 4,5 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shu bilan birga, u kelasi 3 yil mobaynida «Toshshahartransxizmat» tizimida moddiy javobgarlik va rahbarlik vazifalarida faoliyat yuritishi taqiqlandi.
O‘zbekistonda hafta davomida ob-havo iyul uchun xos iqlimiy me’yorlarga yaqinlashadi
«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, 27 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududiga nisbatan nam va o‘tgan haftaga nisbatan salqinroq bo‘lgan havo massalari kirib kela boshladi. Buning natijasida kunduzgi haroratning +34…+37 darajagacha pasayishi qayd etildi. Shu bilan birga, namlik darajasi ortishi hisobidan haroratning pasayishi uncha sezilmagan va ayniqsa kechasi dim havo sezilarli bo‘lgan.
Gidrometeorologiya xizmati ta’kidlashicha, joriy hafta davomida mamlakat bo‘ylab harorat o‘zgarmasdan qoladi. Ko‘pchilik hududlarda havo harorati +32…+37 daraja atrofida, cho‘l va janubiy hududlarda esa +38…+40 darajagacha yetishi mumkin.
Haydovchilar uchun majburiy sug‘urta 4 barobar oshadi: bu zaruratmi yoki yangi muammo?
2026 yildan O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta narxlari sezilarli darajada — 3,5–5,8 barobargacha — oshiriladi. Tariflar o‘zgarishi fuqarolarning moliyaviy himoyasini kuchaytirish, YTH natijasida keladigan zararlarni samarali qoplash va sug‘urta kompaniyalarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Masalan, yengil avtomobillar uchun hududlardagi polis narxi 40 ming so‘mdan 160 mingga, Toshkentda esa 56 mingdan 192 mingga chiqadi. Shu bilan birga, sug‘urta qoplami miqdori 40 mln so‘mdan 80 mln so‘mgacha oshiriladi. 2026 yil 1 apreldan Yagona sug‘urta billing tizimi ham joriy etiladi.
Biroq aholi orasida bu qaror turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. So‘rovnomalarda qatnashganlarning 40 foizi «sug‘urta ishlamaydi» deb hisoblasa, 33 foizi narx oshishiga qarshi. Ekspertlar esa bu chorani kutilmagan xarajatlardan himoya vositasi deb baholashmoqda. Iqtisodchilar ta’kidlashicha, 2019 yildan buyon amalda bo‘lgan tariflar inflyatsiya, xarajatlar va avariyalar sonini hisobga olmagan. Endilikda sug‘urta polisi narxi haydovchining YTHdagi ta’rixiga qarab belgilanadi. Ammo mutaxassislarcha, sug‘urta tizimi real hayotda ishlashi uchun faqat narx emas, balki xizmat sifati ham yaxshilanishi shart. Vaqt.uz shu mavzu bo‘yicha asosiy ma’lumotlarni to‘plab chiqdi.
Istanbuldan Toshkentga uchayotgan samolyot sahnida Anqara osmonida favqulodda holat ro‘y berdi
Istanbuldan Toshkentga uchayotgan Uzbekistan Airways’ning Boeing 767-300 samolyoti parvoz vaqtida Anqara yaqinida charx urib, favqulodda holat tufayli Istanbul aeroportiga qaytib qo‘ndi. Flightradar24 ma’lumotiga ko‘ra, samolyot SQUAWK 7700 kodini yoqqan — bu favqulodda vaziyat belgisi hisoblanadi. Samolyot mahalliy vaqt bilan 12:30 da havoga ko‘tarilgan va 1 soat 17 daqiqa parvoz qilgan.
Aviakompaniya matbuot xizmati bu holatni «texnik sabablar» deb atadi, ammo aniq muammo ochiqlanmadi. HY272 reysining kechiktirilishi rasman tasdiqlandi, parvoz xavfsizligi esa ustuvor vazifa ekani qayd etildi. 28 iyul soat 20:50 holatiga ko‘ra, reys hali ham amalga oshirilmagan.





