add

Chiqindi tashishda aholi qarzi 622 mlrd so‘mdan oshdi

Kecha 13:552 daqiqa

Toza makon tizimida amalda ko‘rsatilmagan hizmatlar uchun hisoblangan 211,9 mlrd so‘mlik mablag‘lar bekor qilindi.

Chiqindi tashishda aholi qarzi 622 mlrd so‘mdan oshdi

2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda chiqindi tashish xizmatlari uchun aholining umumiy debitorlik qarzi 622,7 mlrd so‘mga yetdi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi matbuot kotibi Dilnoza Komilova ma’lum qildi.

Toza makon yagona billing tizimi 2025 yilda mahallalarning 87 foizini qamrab oldi. Mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 9452 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 8105 tasida sanitar tozalash xizmati ko‘rsatilishi monitoring qilindi. Ushbu hududlarda 23,9 million aholi, ya’ni O‘zbekiston aholisining 64 foizi istiqomat qiladi.

Yil davomida aholi chiqindi tashish xizmatlari uchun jami 1 trln 304 mlrd so‘m to‘lov qildi. Bu hisoblangan umumiy to‘lovlarning 90 foiziga teng. Biroq oldingi yillarda to‘lanmagan mablag‘larni inobatga olganda, umumiy qarz hajmi sezilarli darajada oshgan.

Shu bilan birga, billing tizimida amaliy jihatdan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 mlrd so‘mlik qarz bekor qilindi. Bu chora aholining asossiz qarzdorligini kamaytirish va hisob-kitoblarda shaffoflikni oshirishga qaratilgan.

Tizimdagi abonentlar soni 7,3 millionga yetdi. Ularning katta qismi kadastr raqami va jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari orqali ro‘yxatga olingan. Bu hisob-kitoblarni aniqlashtirish va xizmat sifatini nazorat qilish imkonini berdi.

2025 yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, sanitar tozalash sohasiga kiritilgan xususiy investitsiyalar hajmi 386,5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Korxonalar maxsus texnika, konteynerlar, chiqindilarni saralash va qayta ishlash infratuzilmasini yangilashga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 6-dekabr holatiga chiqindi tashish xizmatlaridan qarzi mavjud qariyb 205 ming abonentning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklangan edi.

Teglar

Mavzuga oid