Logo

Deputatlar O‘zbekistonda 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha qonunni qabul qildi

Bugun 19:004 daqiqa

Yangi tartibga ko‘ra, 6 yoshli bolalar uchun bir yillik majburiy tayyorlov umumiy o‘rta ta’limning birinchi bosqichiga aylanadi. Bunda 12-sinf tashkil etilmaydi.

Deputatlar O‘zbekistonda 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha qonunni qabul qildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kecha, 24-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilashni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, majburiy umumiy o‘rta ta’lim muddatini 11 yildan 12 yilgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi hamda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Unga muvofiq, bir yillik maktabga tayyorlov maktabgacha va umumta’lim tashkilotlarida tashkil etilib, har bir bolaning ushbu tayyorgarlikdan o‘tish huquqi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Majlisda qayd etilishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda fuqarolarga xorijiy davlatlardagi o‘qish faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Maktabga tayyorlov bepul bo‘ladi

Deputat Sayyora Imomovaning ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga, olti yoshli bolalar qamrovi esa 98 foizga yetgan. Majburiy bir yillik maktabga tayyorlovga o‘tish 2018 yilda boshlangan bo‘lib, 2027 yilda olti yoshli bolalarni to‘liq — 100 foiz qamrab olish maqsad qilingan.

Qonunga ko‘ra, tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, maktablarning bo‘sh sinfxonalarida, shuningdek, maktab va bog‘chalar mavjud bo‘lmagan chekka hududlardagi ijtimoiy soha obyektlari, xususan, «Kelajak» markazlari va boshqa ta’lim maskanlarida tashkil etiladi.

«Ayni paytda 4000 dan ortiq maktabda bo‘sh turgan xonalar negizida tayyorlov guruhlari tashkil etilgan. Shuningdek, yana 191 ta maktabda 246 ta tayyorlov guruhini tashkil etish rejalashtirilgan. O‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bog‘cha tarbiyachilari, maktablarda esa yuqori malakali pedagoglar jalb etiladi», — dedi Sayyora Imomova.

Deputatning ta’kidlashicha, ayni paytda tayyorlov guruhlari pedagog kadrlar bilan 98 foiz ta’minlangan. Bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish uchun qo‘shimcha 800 ta guruh tashkil etish va qariyb 20 mingta yangi o‘rin yaratish talab etiladi. Bu bilan bog‘liq xarajatlar 2027 yilgi davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Davlat muassasalari, maktablar va bog‘chalarda maktabga tayyorlov bepul amalga oshiriladi. Shu bilan birga, qonun nodavlat ta’lim tashkilotlarida ham tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat beradi va ota-onalar xususiy muassasalarni tanlashi mumkin. Bunday guruhlarda mashg‘ulotlar alohida dastur asosida o‘yin usuli orqali o‘tkaziladi, keyinchalik dasturlar bosqichma-bosqich xalqaro amaliyot talablariga moslashtiriladi.

Olti yoshli bolalarning maqomi va ijtimoiy obyektlar

Muhokamalar jarayonida deputat Saydullo Azimov olti yoshli bolalar yangi tizimda maktab o‘quvchisi yoki maktabgacha yoshdagi bola sifatida hisoblanishiga aniqlik kiritishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala kelgusida statistik ma’lumotlarga ta’sir qilishi mumkin.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Erkin Murodov amaldagi «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunda maktabgacha yosh 7 yoshgacha bo‘lgan davr sifatida belgilanganini va bu norma o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qildi.

«Albatta, maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘liq guruhlarida maktabga tayyorlovdan tashqari kun bo‘yi boshqa mashg‘ulotlari, kun tartiblari bor. Agar biz bu yoshni o‘zgartiradigan bo‘lsak, ertaga maktabgacha ta’lim tashkilotlariga farzandlarini bergan 600 mingga yaqin ota-onalarga qiyinchilik yuza keladi», — dedi Erkin Murodov.

Deputat Dilmurod Ortiqov esa qo‘mita o‘rganishlari davomida qonunchilikda «maktab yoshi» tushunchasining o‘zi mavjud emasligi aniqlanganini, asosiy maqsad bir yillik tayyorlovni umumiy o‘rta ta’limning bosqichi sifatida belgilashdan iborat ekanini bildirdi.

Shuningdek, Erkin Murodov tahlillarga ko‘ra mamlakatda maktabga tayyorlovni tashkil etish mumkin bo‘lgan 101 ta ijtimoiy obyekt — texnikumlar, mahalliy idoralar, musiqa va san’at maktablari mavjudligini qayd etdi. Ulardagi jarayon maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan muvofiqlashtiriladi va alohida reyestr yuritiladi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov esa tayyorlov tashkil etiladigan aniq joylarni ko‘rsatish o‘rniga, har bir bolaning majburiy tayyorlovdan o‘tish huquqi davlat tomonidan kafolatlanishini belgilashni taklif qildi. U maktabga qatnay olmaydigan bolalar uchun o‘qituvchilarning uyga borib dars o‘tishi tizimi allaqachon mavjudligini eslatdi.

Deputatlar yangi tizimni joriy etishga ta’lim muassasalarini tayyorlash uchun kamida olti oy vaqt kerakligini ta’kidladi. Senatda ko‘rib chiqilganidan so‘ng hujjat imzolash uchun prezidentga yuboriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Deputatlar O‘zbekistonda 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha qonunni qabul qildi | Vaqt.uz