Logo

Toshkent va Andijon hokimliklari budjetdan umumiy hisobda 3,27 mlrd so‘m ishlatadi

Bugun 17:371 daqiqa

Bu pullarga Nurafshon shahridagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida sug‘orish tizimi ishga tushirilib, maysalar va ko‘chatlar ekiladi. Andijon tumanlarida esa yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlashga sarflanadi.

Toshkent va Andijon hokimliklari budjetdan umumiy hisobda 3,27 mlrd so‘m ishlatadi © ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent viloyati hokimining farmoyishiga ko‘ra, viloyat budjetining ikkinchi chorak daromadlar rejasi ortig‘i bilan bajarilgan qismidan 2,1 milliard so‘m ajratiladi.

Mablag‘ Nurafshon shahridagi «Nurafshon Biznes City» hududida joylashgan Yangi O‘zbekiston bog‘ini obodonlashtirishga sarflanadi. Jumladan, bog‘da sug‘orish tizimi ishga tushiriladi, maysalar va turli xil ko‘chatlar ekiladi, «bruschatka» yotqiziladi hamda ko‘l atrofiga panjara o‘rnatiladi.

Ushbu mablag‘ «Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi» davlat unitar korxonasiga ajratiladi. Uning maqsadli sarflanishi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.

Andijonda yerlar toifasini o‘zgartirish uchun mablag‘ ajratiladi

Andijon hokimining qarori bilan esa viloyat budjetining 2026-yilgi zaxira jamg‘armasidan 1 milliard 170,4 million so‘m yo‘naltiriladi.

Mablag‘ tumanlardagi yer maydonlarini yer fondining bir toifasidan boshqasiga o‘tkazish uchun zarur loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga sarflanadi. Pullar viloyat hokimligi ishlar boshqarmasiga beriladi.

Qarorga muvofiq, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi 2026-yilgi xarajatlar rejasiga o‘zgartirish kiritadi. Viloyat G‘aznachilik xizmati boshqarmasi esa mablag‘larni belgilangan tartibda moliyalashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Nurafshon shahrining «Yangi O‘zbekiston bog‘i» hududidagi amfiteatr binosini ta’mirlash uchun 7 milliard so‘m, Andijon hokimi esa Toshkent shahrida o‘tkaziladigan tadbir uchun 602 million 704 ming so‘m ajratgandi.

Teglar

Mavzuga oid