add

Dunyoda qaysi davlatlar eng yirik oltin zaxirasiga ega?

Kecha 15:4516062 Daqiqa

Oltin hali ham dunyoda eng ishonchli aktivlardan biri bo‘lib qolayotgan davrda markaziy banklar uning zaxiralarini ko‘paytirishda davom etmoqda. Bu yuqori talab 2025 yilda oltin narxini rekord darajaga oshib ketishiga sabab bo‘ldi.

Dunyoda qaysi davlatlar eng yirik oltin zaxirasiga ega?

Oltin hanuz dunyo moliya tizimida eng ishonchli va barqaror aktivlardan biri sifatida o‘z mavqeini saqlab kelmoqda. Markaziy banklar geosiyosiy beqarorlik, inflatsiya xavfi va valyutalar barqarorligiga oid tashvishlar fonida oltin zaxiralarini kengaytirishda davom etmoqda. 2025 yilda ushbu talab kuchayishi natijasida oltinning jahon bozoridagi narxi tarixiy cho‘qqiga ko‘tarildi.

BullionVault platformasi taqdim etgan 2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda eng yirik rasmiy oltin zaxirasiga AQSH egalik qiladi. Mamlakat 8 133,5 tonna oltinga ega bo‘lib, uning asosiy qismi Fort-Noksda va Nyu Yorkdagi Federal zaxira banki omborlarida saqlanadi. Bu hajm o‘nlab yillardan beri deyarli o‘zgargani yo‘q.

Keyingi o‘rinlarda Germaniya (3 352 tonna), Italiya (2 452 tonna) va Fransiya (2 437 tonna) — jami 8 200 tonna oltinga ega.

So‘nggi yillarda Xitoy ham oltin zaxiralarini keskin oshirmoqda. 2019 yilda 1 948 tonnani tashkil etgan zaxira 2024 yilga kelib 2 280 tonnaga yetdi. Bu jarayon Pekinning AQSH qimmatli qog‘ozlariga bog‘liqlikni kamaytirish, davlat aktivlarini diversifikatsiya qilish va yuanning xalqaro mavqeini mustahkamlash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Rossiya 2 333 tonna oltin bilan beshinchi o‘rinda. Mamlakat 2014 yildan so‘ng sanksiyalar kuchaygan muddatda oltin zaxiralarini jadal ravishda to‘plagan.

Turkiya (595 tonna) va Polsha (448 tonna) kabi rivojlanayotgan iqtisodiyotlar ham oltinga yo‘naltirilgan investitsiyalarini oshirmoqda. Bu mamlakatlar oltinni inflyatsiyaga qarshi himoya, valyutalardagi o‘zgaruvchanlik va geosiyosiy xavflardan saqlovchi muhim aktiv sifatida ko‘rmoqda.

Global beqarorlik sharoitida oltin davlatlar uchun strategik zaxira sifatida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy banklar oltin sotib olishni davom etar ekan, bozorda bu iste’mol uzoq muddatli tendensiyaga aylanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy bankidagi oltin zaxiralari 2025 yil oktabr holatiga ko‘ra, 366 tonnani tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 2025 yil oktabr oyida qariyb 60 milliard dollarga yetib, tarixiy rekord o‘rnatgani, bir oy ichida bu zaxiralar 4,34 mlrd dollarga ko‘paygani haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Dunyoda qaysi davlatlar eng yirik oltin zaxirasiga ega? | Vaqt.uz