Eng katta o‘sish Surxondaryoda: O‘zbekiston hududlarida uylar narxi qanday o‘syapti?
So‘nggi bir yilda mamlakat ikkilamchi bozorida uylar narxi 8 foizga oshdi. Bunda eng yuqori o‘sish Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil yanvar oyi uchun O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlilini taqdim qildi.
Yanvar oyida O‘zbekiston bo‘yicha 28,6 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari tuzildi. Bitimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 12 foizga oshdi.
Markazm ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon ko‘chmas mulk savdolari dinamikasi mamlakat hududlarida ijobiy tendensiyalarni namoyon etmoqda.
Ko‘chmas mulk bozorining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, savdolar hajmi 33,4 foizga oshdi. Bu esa mamlakatdagi barcha hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqand (26 foiz) va Sirdaryo (24 foiz) viloyatlarida ham bitimlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
O‘tgan oyda ikkillamchi ko‘chmas mulk bozorida (eski uylar) narxlarning mo‘’tadil o‘sishi qayd etildi.
O‘zbekiston bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9 foizga oshdi. Narx o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sishi 8 foizga ko‘tarildi.

Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi qariyb 24 foizni tashkil qildi. Shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda ham narxlar 16 foizga oshdi.
Toshkentda ikkilamchi uylar o‘sishda davom etmoqda
Bundan tashqari, yanvarda Toshkent shahrida ikkillamchi uy-joy bozorida 1 kv metr uchun o‘rtacha narx qariyb 1120 dollarni tashkil etdi va oylik hisobda 0,6 foizga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar qariyb 2 foizga o‘sdi.
Ikkillamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirabad (4,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv metr uchun o‘rtacha narx 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Mirobad (18,4 foiz) va Mirzo-Ulug‘bek (17,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.





