add

Erondagi noroziliklarda qurbonlar soni 20 mingga yaqinlashgani aytilmoqda

Bugun 09:382 daqiqa

CBS manbalariga ko‘ra, Eronda 2025 yil oxirida boshlangan ommaviy noroziliklar vaqtida halok bo‘lganlar soni avval aytilganidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Erondagi noroziliklarda qurbonlar soni 20 mingga yaqinlashgani aytilmoqda

CBS News xabariga ko‘ra, 2025 yil oxirida boshlanib, uchinchi haftaga kirgan Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari deyarli fuqarolik urushi ko‘lamiga chiqdi. Teleradiokanal ikki manbaga tayanib, noroziliklar va ularning kuch bilan bostirilishi natijasida halok bo‘lganlar soni 20 ming nafargacha yetishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning manbalaridan biri bevosita Eron ichida joylashgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu raqamlar mamlakat bo‘ylab tibbiyot xodimlari tayyorlagan hisobotlarga asoslangan bo‘lib, ushbu ma’lumotlar faollar qo‘liga tushgan. Shuningdek, Eron kuch tuzilmalari Tehrondagi xususiy shifoxonalarga reydlar uyushtirib, davolanayotgan namoyishchilarning ism-shariflari va manzillarini talab qilayotgani aytilmoqda.

CBSʼning ta’kidlashicha, telekanal bu ma’lumotlarni mustaqil tarzda tasdiqlay olmagan. Biroq seshanba kuni muxolifatga yaqin Iran International telekanali noroziliklar vaqtida taxminan 12 ming kishi halok bo‘lganini xabar qilgan. AQSHdagi yana bir manba esa qurbonlar soni 10–12 ming orasida bo‘lishi mumkinligini aytgan.

13-yanvar kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper mamlakat hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda kamida 2 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini, biroq haqiqiy raqam yuqoriroq ekanini inkor etmasligini bildirdi.

Avvalroq Eron rasmiysi Reuters agentligiga 2 ming nafar qurbon haqida ma’lum qilgan, The New York Times esa taxminan 3 ming kishi halok bo‘lganini yozgan. Human Rights Activists News Agency ma’lumotlariga ko‘ra esa, qurbonlar soni kamida 646 nafarni tashkil etadi.

Noroziliklar sanksiyalardan aziyat chekayotgan iqtisodiyot sharoitida asosiy tovarlar narxining keskin oshishi ortidan boshlangan. Savdogarlar va talabalar chiqishlari tez orada mamlakatning barcha 31 viloyatini qamrab oldi. Namoyishchilar islomiy tuzumni ag‘darish va 1979 yilda bekor qilingan monarxiyani tiklashni talab qilmoqda.

Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp namoyishchilarni ortga chekinmaslikka chaqirib, Vashington tomonidan yordam va’da qilgani haqida xabar bergan edik. Uning ta’kidlashicha, aniq qurbonlar soni hali noma’lum, ammo «bitta insonning o‘limi ham ortiqcha».

Teglar

Mavzuga oid