add

Germaniya 512 mlrd yevro miqdorida rekord qarz oladi

Bugun 10:302722 daqiqa

Germaniya hukumati 2026 yilda mudofaa va infratuzilma xarajatlari ortishi sabab moliya bozorlaridan 512 mlrd yevro qarz jalb qilib, tarixiy rekord o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Germaniya 512 mlrd yevro miqdorida rekord qarz oladi

Germaniya hukumati 2026 yilda moliya bozorlaridan 512 mlrd yevro qarz jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu ko‘rsatkich pandemiya va Ukraina urushi davridagi qarz olish hajmlaridan ham oshib, mamlakat tarixidagi eng yirik qarz ko‘tarish sifatida qayd etilishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, katta hajmdagi mudofaa va infratuzilma sarmoyalari davlat xarajatlarini keskin oshirgan, deb yozmoqda Deutsche Welle.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil uchun mo‘ljallangan xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida markaziy budjet orqali taxminan 98 mlrd yevro yangi qarz jalb qilinadi. Bu Germaniyaning budjet siyosatida yangi bosqichni anglatadi. Ilgari eng yuqori qarz olish hajmi 2023 yilda, COVID-19 pandemiyasi va Ukraina urushi oqibatlarini yumshatish doirasida 500 mlrd yevroni tashkil etgan edi.

Germaniya Federal moliya agentligi ma’lum qilishicha, qarz mablag‘larining asosiy qismi kapital bozorlarida obligatsiyalarni ochiq auksion orqali joylashtirish hisobiga jalb qilinadi. Jumladan, 318 mlrd yevro uzoq muddatli davlat obligatsiyalari orqali, 176 mlrd yevro esa pul bozorlari orqali moliyalashtiriladi. Shuningdek, 16–19 mlrd yevro miqdorida mablag‘ «yashil obligatsiyalar» hisobidan jalb etilishi rejalashtirilgan.

Germaniya nisbatan past qarz yuki tufayli xalqaro moliya bozorlarida eng yuqori kredit reytingiga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Shu sabab banklar, sug‘urta kompaniyalari va pensiya jamg‘armalari kabi yirik institutsional investorlar Germaniya davlat obligatsiyalariga an’anaviy ravishda yuqori qiziqish bildiradi. Ayniqsa, o‘n yillik obligatsiyalar daromadliligi Yevropa bozorlari uchun muhim indikator hisoblanadi.

Biroq qarz miqdorining oshishi davlat uchun foiz xarajatlarini ko‘paytirishi kutilmoqda. Federal moliya agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, shu omil sabab investorlar uchun jozibadorlikni saqlab qolish maqsadida Germaniya 2026 yilda ilk bor 20 yillik muddatga mo‘ljallangan davlat obligatsiyalarini taklif qiladi. Bu qaror mamlakatning uzoq muddatli qarz boshqaruv strategiyasida muhim yangilik sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid