add

«Gryaz» laqabli jinoiy guruh yetakchisi ushlandi

Bugun 11:1510562 daqiqa

O‘zbekistonda og‘ir jinoyatlarda gumonlangan jinoiy uyushma yetakchisi xalqaro hamkorlikda Turkiyada qo‘lga olindi.

«Gryaz» laqabli jinoiy guruh yetakchisi ushlandi

O‘zbekistonda bir qator og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, uzoq vaqt qidiruvda bo‘lgan «Gryaz» laqabli jinoiy uyushma yetakchisi Turkiyada ushlanib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan shaxsni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari IIV Tezkor-qidiruv departamenti, Jamoat xavfsizligi xizmati huzuridagi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida amalga oshirilgan.

Tadbirlar natijasida 1993 yilda tug‘ilgan, «Gryaz» laqabi bilan tanilgan Yo.M. Turkiya hududida aniqlanib, ushlangan. U jinoiy ish bo‘yicha tergovdan yashirinib yurgani ma’lum qilingan. Qo‘lga olingan shaxs 2025 yil 5-dekabr kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinib, tegishli tergov organlariga topshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxs jinoiy uyushma yetakchisi sifatida bir nechta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoiy javobgarlik belgilangan.

Xususan, u 112-modda — o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, 164-modda — bosqinchilik, 165-modda — tovlamachilik, 173-modda — mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish hamda 242-modda — jinoiy uyushma tashkil etish bilan ayblanmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs 2023 yilda Toshkent shahri Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan rasman qidiruvga e’lon qilingan edi. Hozirda u tergov harakatlari doirasida javobgarlikka tortilayotgani bildirildi.

Avvalroq xalqaro terroristik tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan va 25 yildan ortiq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan fuqaro joriy yil noyabr oyida chet elda ushlangan edi. Ushbu shaxs diniy ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab, «hijrat» va «jihod» qilishni maqsad qilgan holda 1999 yilda O‘zbekiston hududini tark etgan. U keyinchalik Afg‘oniston, Pokiston va Suriyadagi xalqaro terroristik guruhlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgani aniqlangan.

Teglar

Mavzuga oid