add

Gulistondagi portlash ortidan 3 mansabdor shaxs qamoqqa olindi

Bugun 09:566702 daqiqa

Avvalroq Prezident ham portlashda jarohat olganlar holidan xabar olib, ularning yaqinlari bilan suhbatlashgan edi.

Gulistondagi portlash ortidan 3 mansabdor shaxs qamoqqa olindi

Gulistondagi gaz ballon portlashga taalluqli mansabdor shaxslarning 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 2-dekabr kuni soat 10:50 larda Guliston shahar, Taraqqiyot mahallasi hududida joylashgan «Bek Family Cafe» MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shahobchasi oshxonasida mavjud bo‘lgan o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gaz ballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash yuzaga kelgan.

Oqibatda, 29 nafar fuqarolar turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan. Olgan tan jarohatlari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan. Bemorlardan 5 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani sababli tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilgan, qolgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 192¹¹-moddasi 1-qismi, 257-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari va 259-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, «Bek Family Cafe» MCHJ mansabdor shaxslarining 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan.

«Hozirda, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralarning mutaxassislaridan tashkil topgan tergov guruhi tomonidan barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshirilmoqda. Tergov jarayoni nazoratga olingan bo‘lib, yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi hamda jamoatchilikka axborot beriladi», — deyilgan vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, «Bek Family Cafe» Sirdaryoda turli yo‘nalishlarda o‘nlab yirik tadbirkorlik loyihalariga egalik qiluvchi MCHJ hisoblanadi. MCHJ jumladan, turli klasterlar, farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish zavodlari, kafe tarmoqlari, qandolatchilik do‘konlari va gaz quyish shoxobchalariga egalik qiladi.

Shuningdek, bu Gulistonda «Bek Family Cafe» bilan bog‘liq birinchi falokat emas. 2023 yilda Gulistondagi bozorda ro‘y bergan o‘ta yirik yong‘in ham aynan shu MCHJga tegishli oshxonalardan birida kelib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi doirasida shifoxonaga kelib, ulardan xabar olib, yaqinlari bilan suhbatlashgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Prezident 4-dekabr kuni Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida portlash oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirib, uch kun muddatda qurbon bo‘lganlarning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratilishini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid