
Havoni ifloslantirayotgan qurilish tashkilotlari faoliyati to‘xtatilishi mumkin — Ekologiya qo‘mitasi
Ekologiya qo‘mitasi qurilish maydonlarida chang tarqalishiga qarshi talablar bajarilmasa, kompaniyalarga jarima yoki faoliyatini to‘xtatish choralari qo‘llanishini bildirdi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qurilish maydonlarida havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha belgilangan qoidalarga so‘zsiz rioya qilish zarurligini rasman eslatdi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq barcha qurilish tashkilotlari quyidagi talablarni bajarishga majbur:
— qurilish jarayonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
— qurilish maydoniga kirib-chiqish yo‘laklarida osma yomg‘irlatkich va suv purkagichlar o‘rnatish;
— avtotransport vositalari g‘ildiraklarini majburiy tarzda yuvish uchun maxsus yuvish shoxobchasini tashkil etish;
— chang tarqalishining oldini olish maqsadida qurilish maydonini to‘siqlar, himoya qoplamalari va maxsus materiallar bilan jihozlash.
Qo‘mitaga ko‘ra, qurilish kompaniyalari atmosfera havosini muhofaza qilishga oid talablarni buzgan taqdirda, ularga ma’muriy jarima, faoliyatni 10 ish kunigacha to‘xtatish, hatto tashkilotni tugatishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Hukumat tabiatga buyruq bera olmasligini aytgani haqida xabar bergandik.





