
«Humo», «Click» va OLX: 2025 yilda nimalar sotildi?
2025 yil davomida O‘zbekistonda bir qancha yirik xususiylashtirishlar va mahalliy sotuvlar amalga oshirildi. Vaqt.uz muhim bitimlarni bir joyga to‘pladi.

O‘zbekistonda 2025 yilda xususiy sektorda ham, davlat sektorida ham yirik kelishuvlarga erishildi. Ayrim xususiylashtirishlar «yopiq» tarzda amalga oshirilgan bo‘lsa, ayrimlari jamoatchilik noroziligiga uchradi.
«Humo»ni «Paynet» sotib oldi
Yil katta xususiylashtirish bilan boshlandi. Yanvarda «Milliy banklararo protsessing markazi» — «Humo» to‘lov tizimining 100 foiz ulushini «Paynet» kompaniyasi 65 mln dollarga sotib oldi.

«Humo»ni sotib olish uchun Qozog‘istonning fintex giganti — Kaspi ham uzoq vaqt davogarlik qildi. Biroq, kelishuv amalga oshmadi.
«Paynet»ning o‘zi 2000 yillar boshida bir guruh ishbilarmonlar tomonidan xususiy tarzda tashkil qilingandi. Keyinchalik uzoq yillar davomida davlat kompaniyasi bo‘lib faoliyat olib bordi.
Bir necha yil avval kompaniya yana xususiylashtirildi, biroq bitim shartlari haqida hech qanday ma’lumot ochiqlanmadi. «Paynet»ning yangi egasi — «New Industrial Technologies» MCHJ.
«Click» va Qozog‘iston banki o‘zaro ulush almashdi
Yana bir 2025 yildagi muhim kelish «Click» Qozog‘istondagi «Halyk Bank» o‘rtasida amalga oshirildi.
«Halyk Bank» Click'ning 49 foiz aksiyalarini 176,4 mln dollar evaziga sotib oldi.

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, tomonlar o‘rtasida strategik bitim tuzilgan. Bitim doirasida tomonlar bir-birining sho‘ba korxonalaridagi ulushlarini o‘zaro xarid qiladi.
Shu tariqa, Click aksiyadorlari «Halyk Bank»ning O‘zbekistondagi sho‘ba banki — «Tenge Bank»ning 49 foiz aksiyalarini 60,76 mln dollar evaziga xarid qiladi.
«Anorbank» davlat binolarini sotib oldi
Fevralda «Anorbank» Toshkentdagi ikkita katta davlat binolarini qariyb 440 mlrd so‘mga xarid qilgani ma’lum bo‘ldi.
Bank «Markaz–1»da joylashgan Energetika vazirligi binosiga 254,5 mlrd so‘m, uning yaqinidagi «O‘ztransgaz» binosiga 185 mlrd so‘m to‘ladi.

Foto: Spot.uz
Hozirda ushbu binolarda «Anorbank» to‘liq faoliyat olib bormoqda.
Yil oxiriga kelib «Anorbank»ning nazorat paketi xorijiy kompaniya hisobiga o‘tdi. Bank egasi Qahramonjon Olimovning bankdagi ulushi 99,38 foizda 49,38 foizgacha qisqardi.
Olimovga tegishli 50 foiz aksiyalar Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.B. kompaniyasi o‘tdi.
TBC Uzbekistan ekotizimi kengaydi
2025 yilda TBC Uzbekistan kompaniyasi Billz startapi va OLX kompaniyasini sotib oldi. Billz uchun 12 mln dollarlik kelishuvga erishilgan bo‘lsa, OLX uchun bitim narxi ochiqlanmadi.
TBC Billz kompaniyasidagi ulushini 60 foizgacha chiqarsa, OLX’ning 51 foizi sotib olingan.

Rasmda TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani va Billz asoschisi Rustam Hamdamov.
Shu tariqa, TBZ Uzbekistan ekotizimiga «TBC Bank», payme, «TBC Nasiya», «TBC Sug‘urta»dan tashqari mana endi Billz va OLX ham qo‘shildi.
Yandex «Allplay»ni sotib oldi
Dekabrda Yandex Uzbekistan «Allplay» platformasini sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Raqobat qo‘mitasi kelishuvga rozilik bildirdi. Bitim summasi ochiqlanmadi.

Ma’lum qilinishicha, «Allplay» Yandex plus obunasining bir qismiga aylanadi. Kelishuvdan so‘ng mualliflik huquqlari sabab «Allplay»dagi bir qancha kontentlar o‘chirildi.
«Trest-12» — yirik qurilish kompaniyasi
Fevralda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi O‘zbekistondagi eng katta qurilish kompaniyalaridan biri — «Trest-12» xususiylashtirilganini ma’lum qildi.
Qurilish kompaniyasining 51,1 foiz davlat ulushi «Delta Global Dynamics» MCHJga 111 mlrd so‘mga sotildi.
«Delta Global Dynamics» MCHJ — sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli.
Unga qarashli kompaniyalar avvalroq MXXning Toshkent markazidagi sobiq binosi (hozirda mehmonxona qurilmoqda) va O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodini ham xususiylashtirib olgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
«SamAuto»ning to‘rtdan biri 80 mln dollarga ketdi
«Samarqand avtomobil zavodi» — «SamAuto»ning 75,2 foiz ulushi 80 mln dollarga sotildi. Xaridor Turkiyaning «Anadolu Group» tarkibidagi «Anadolu Isuzu» kompaniyasi bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, investor zavodni rivojlantirish uchun yana qo‘shimcha 80 mln dollar sarmoya kiritishi kerak bo‘ladi.
«UzPost» sotilishiga jamoatchilik qarshi chiqdi
2025 yilning eng shov-shuvli voqealaridan biri pochta operatori «UzPost» atrofida kechdi.
Oktyabrda milliy pochta opertarori xususiylashtirilgani, uni Rossiyaning «Wildberries» marketpleysi sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.

«O‘zbekiston pochtasi» esa xususiylashtirish haqidagi ma’lumotlarni rad etmagan va tasdiqlamagan holda, modernizatsiya hamda raqamli transformatsiya uchun investitsiyalarni jalb qilish rejalarini ma’lum qildi.
Keyinchalik «Uzum» «UzPost»ni xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda ishtirok etish istagida ekanini bildirib, rasmiy ariza topshirdi.
Voqeaga jamoatchilik faollari salbiy qaradi va milliy pochta kompaniyasi Rossiya kompaniyasiga sotilishini qoralab chiqdi.
«Ular bizning pochtamizni rivojlantira olmaydi», — deya yozgandi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.
So‘ngra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «UzPost» xususiylashtirilishida shaffoflikni talab qildi.
Dehqonobod kaliy zavodi «yopiq eshiklar ortida» xususiylashtirildi
Avgustda Asian Chemical Group «O‘zkimyosanoat»dan Dehqonobod kaliy zavodining 100 foiz aksiyasini oldi, biroq kelishuv ommaviy e’lon qilinmadi.
Asian Chemical Group 2024 yil noyabrida tashkil etilgan bo‘lib, ustav fondi 19,6 mln so‘mni tashkil etadi. Asosiy muassisi — «OV Industrial Investments» (51 foiz), ikkinchisi — «New Industrial Technologies» (49 foiz).

«New Industrial Technologies» «Paynet»ning asosiy egasi ekani ma’lum. «Paynet» esa yuqorida aytilganidek yil boshida «Humo»ni davlatdan 65 mln dollarga sotib olgandi.
«Kapitalbank» «Yoshlik»ni deyarli 300 mlrd so‘mga sotib oldi
«Yoshlik» sport majmuasi 2024 yilga qadar «Milliy bank» tasarrufida bo‘lgan. Davaktiv uni avvalroq ochiq savdoga chiqarishini ma’lum qilgandi.

«Kapitalbank» 297,9 mlrd so‘m bilan to‘lovni bir oy ichida to‘lash sharti bilan savdoda g‘olib deb topildi.
Zomindagi mashhur mehmonxona 175 mlrd so‘mga sotildi
24-dekabr kuni Jizzax viloyati Zomin tumanidagi «New Zomin Plaza» MCHJ mehmonxonasining auksioni bo‘lib o‘tdi. SQB Capital mehmonxonadagi 99,9 foiz ulushini sotuvga qo‘ygandi.

Kimoshdi savdosida 175 mlrd so‘m bilan «Zaforon Premium Hotel Zomin» MCHJ g‘olib deb topildi.
«New Zomin Plaza» MCHJ binosida «Wyndham» mehmonxonalar tarmog‘ining «Wyndham Gardens Zomin» mehmonxonasi faoliyat olib boradi. Bu Zomindagi eng mashhur mehmonxonalardan biri.
«O‘zavtoyo‘l» binosi 242 mlrd so‘mga sotib olindi
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tegishli bino auksionda 242 mlrd so‘mga sotildi. G‘olib — Qobiljon Norbekov bo‘lib, u pulni muddatli bo‘lib to‘lash orqali to‘laydi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Yangi Toshkent shahriga ko‘chmoqda va 3 yil ichida binoni to‘liq bo‘shatib berish majburiyatini olgan.
Qurilish vazirligi binosi 182,5 mlrd so‘mga sotildi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan ma’muriy binosi ochiq auksion orqali 182,5 mlrd so‘mga sotildi.

Binoning boshlang‘ich narxi 130,3 mlrd so‘m edi. Eng yaxshi taklifni «O‘zshahar qurilish invest» MCHJ berdi va kimoshdi savdosida g‘olib bo‘ldi.
«UzBAT»dagi davlat ulushi 270 mlrd so‘mga sotildi
6-oktabr kuni Toshkent fond birjasining Nego maydonchasida tamaki ishlab chiqaruvchi «UzBAT» AJ aksiyalari bo‘yicha yirik bitim o‘tkazildi.
Davlatga tegishli bo‘lgan 2,6 foiz ulush (641 661 dona aksiya) 269,8 mlrd so‘mga BAT Uzbekistan Investment Limited’ga sotildi.

Ushbu bitim natijasida kompaniyaning bozor kapitallashuvi 10,36 trln so‘mga (qariyb 855 mln dollar) yetdi.
Chevrolet qismlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya sotildi
Chevrolet avtomobillari uchun isitish va sovitish tizimlari ishlab chiqaruvchi Avto Climate Control korxonasidagi davlat ulushi «Best Pipe and Parts» kompaniyasiga 230 mlrd so‘mga sotildi.
Xaridor 10 yil davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish va General Motors bilan amaldagi hamkorlik shartlariga rioya etish majburiyatini oldi.





