add

Isroil blokadasi G‘azoni halokat yoqasiga olib kelmoqda — BMT

09.07.2025 | 09:4545754

BMT G‘azodagi blokada sharoitida yonilg‘i tugashi shifoxonalar, suv tizimlari va tez yordam xizmatlarini to‘xtatib qo‘yganini bildirib, vaziyatni halokatli deb baholadi. Yonilg‘i yetkazib berilmasa, qurbonlar soni keskin oshib ketishi mumkin.

Isroil blokadasi G‘azoni halokat yoqasiga olib kelmoqda — BMT
BMTning insonparvarlik masalalari bo‘yicha idorasi – OCHA ma’lumotiga ko‘ra, Isroil blokadasi tufayli G‘azo sektorida yonilg‘i inqirozi «muhim nuqta»ga yetdi. Bu holat shifoxonalar, suvni tozalash inshootlari va tez yordam xizmatlarining faoliyatini to‘xtatgan. Tashkilotning bayonotida aytilishicha, G‘azodagi shifoxonalarda faqat zarur vaziyatlar uchun cheklangan miqdorda yonilg‘i qolgan, generatorlar to‘xtagan, tez yordam mashinalari harakatlana olmayapti. OCHA Isroildan yonilg‘ini «tezkor, muntazam va yetarli miqdorda» kiritishga ruxsat berishni so‘ramoqda. Jahon oziq-ovqat dasturi rasmiysi Karl Skau yonilg‘i yetishmovchiligi odamlarni ochlikdan o‘lishiga olib kelayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar guruhlar xavfli sharoitda yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda, ammo ehtiyot qismlar va aloqa uskunalari tanqisligi ishlarga to‘sqinlik qilmoqda. G‘azodagi Al-Shifo shifoxonasi direktori Muhammad Abu Salmiya shifoxonalarda yonilg‘i zaxirasi qolmaganini, bu esa bolalar bo‘limlari, qon banklari va kislorod stansiyalarining ishlamay qolishiga olib kelganini ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa boshpana sharoitida yashovchi aholida meningit va boshqa yuqumli kasalliklar avj olayotganini bildirdi. Suv tanqisligi, chiqindilar to‘planishi va oqova suvlar tarqalishi sanitariya holatini yanada og‘irlashtirgan. Bu sharoitda Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan havo hujumlari esa vaziyatni yanada murrakablashtirmoqda. Al-Jazira manbalariga ko‘ra, seshanba kunidagi bombardimonlarda kamida 95 nafar falastinlik halok bo‘lgan. BMT mutaxassislari va inson huquqlari tashkilotlari buni genotsid deb baholamoqda.

Teglar

Mavzuga oid