
Isroil elchisi: «Dohadagi hujum samarasiz yakunlangan bo‘lsa, yana takrorlaymiz»
10.09.2025 | 08:4047594
Isroilning AQSHdagi elchisi Dohadagi zarbalar maqsadiga muvofiq chiqmaganligi to‘g‘risidagi savolga, «bu safar bo‘lmasa kelgusi marta», deb bayonot berdi.

Isroilning AQSHdagi elchisi Yehiel Leyter mamlakatining 9 sentyabr kuni Qatar poytaxti Doxaga bergan zarbalari samarasi haqida aniq javob bermadi. Fox News telekanaliga bergan intervyusida u: «Agar bu gal maqsadga yeta olmagan bo‘lsak, keyingi safar albatta yetamiz», — deb bayonot berdi.
Leyterga ko‘ra, zarbalar Isroilning G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatishga xizmat qilishi mumkin. U HAMAS rahbarlariga «yo‘q qilinishlari mumkin» degan ogohlantirish berilayotganini aytdi. Qatar TIV ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar HAMAS siyosiy byurosi a’zolari yashaydigan uylarga berilgan.
Al Arabiya manbasi so‘zlariga ko‘ra, hujumda G‘azodagi HAMAS rahbari Xalil al-Hayya va siyosiy byuro boshlig‘i Xolid Mash’al halok bo‘lgan. Biroq siyosiy byuro a’zosi Suhayl al-Hindiy bu ma’lumotni rad etdi. Unga ko‘ra, al-Hayyaning o‘g‘li Hammam va uning ofis-menejeri halok bo‘lgan.
Qatar IIV xodimi halok bo‘lgani va bir necha kishi jarohatlanganini rasman tasdiqladi. Isroil «Olov sammiti» deb nomlangan ushbu operatsiyani Quddusdagi otishmadan keyin amalga oshirganini ma’lum qildi. Ushbu hujumda 6 kishi halok bo‘lgan. HAMAS mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
Qator mamlakatlar — Yevropa Ittifoqi, Kanada, Buyuk Britaniya, Qatar, va jumladan, O‘zbekiston Isroilning harakatlarini qoralab chiqishdi.
Qatar Bosh vaziri Bin Abdurahmon Ol Soniy buni xalqaro huquq buzilishi va «davlat terrorizmi» deb atadi. Qatar ushbu voqeadan so‘ng Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vositachilik vazifalarini to‘xtatdi.





