
Jahon banki O‘zbekistondagi tuman va shaharlar hayot sifatini yaxshilashga 250 mln dollar ajratdi
Ushbu mablag‘lar 16 ta tuman va shaharda infratuzilmani yaxshilash orqali qariyb 1 million aholi turmush sharoitini oshirishga yo‘naltirilishi ta’kidlanmoqda.

Jahon banki O‘zbekistonning 16 ta tuman va shahrida aholi va biznes uchun munitsipal infratuzilma hamda xizmatlarni rivojlantirishga 250 million dollar ajratishni ma’qulladi. Bu mablag‘lar «Shaharlarda yashash va unumdorlikni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish» (Livable and Productive Cities Program — LPCP) dasturi doirasida yo‘naltiriladi.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha yo‘llar, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari, jamoat transporti, maktablar, poliklinikalar, bog‘lar va boshqa jamoat joylarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Kutilayotgan qamrov — salkam 1 million kishi bo‘lib, ularning yarmini ayollar tashkil etadi.
YUNESKO emas, balki Jahon banki ta’kidlashicha, O‘zbekiston aholisining yarmidan ortig‘i shaharlarda yashaydi va 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi kutilmoqda. Urbanizatsiya sur’atining oshishi kommunal xizmatlar, transport, chiqindilarni boshqarish va shahar rejalashtirish tizimini modernizatsiya qilishni talab etmoqda.
LPCP dasturi 2025 yilda ishga tushirilgan hududlarni jadal kompleks rivojlantirish davlat dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. U 13 ta hududda infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlari, shuningdek, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot va Hazorasp tumanlarini qamrab oladi.
Dastur doirasida 300 ming kishining transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaxshilanadi, 400 ming aholi uchun jamoat joylari va bog‘lar rivojlantiriladi. Infratuzilma loyihalari qurilish sohasida 10 mingga yaqin vaqtinchalik ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Jahon banki ta’kidlashicha, LPCP mahalliy hokimiyat organlarini moliyalashtirish samaradorlik ko‘rsatkichlariga bog‘langan mamlakatdagi ilk moliyaviy model hisoblanadi.
Avvalroq Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 250 mln dollar kredit ajratishni ma’qullagani haqida xabar bergan edik.





