add

Japarov: «Energetika inqirozidan chiqishga ikki yil qoldi»

Kecha 16:554182 Daqiqa

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi elektr uzilishlariga izoh berib, «35 yil sabr qildingiz, yana ikki yil sabr qiling», deya xalqqa murojaat qildi.

Japarov: «Energetika inqirozidan chiqishga ikki yil qoldi»

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha tarqalayotgan noroziliklarga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘lmaganida, bugun aholi to‘liq chiroqsiz qolgan bo‘lar edi.

Japarovga ko‘ra, 50–70 yillarda qurilgan va bir bor ham kapital ta’mir ko‘rmagan GESlar hokimiyatga kelgan paytda juda yomon ahvolda bo‘lgan.

To‘rt yil davomida asosiy gidroinshootlar ta’mirlangan, xususan, Toqtag‘ul GESidagi to‘rt agregat yangilanib, quvvat 240 MWga oshgan. Shuningdek, 28 ta yangi kichik GES qurilib, umumiy hisobda 400 megavattdan ortiq quvvat ishlab chiqara boshlagan.

Prezident bu qurilmalar bo‘lmaganida, mamlakat umuman elektrsiz qolishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari Qirg‘izistonda elektr yetarli bo‘lgan, chunki mamlakatda ishlab chiqarish korxonalari kam edi. So‘nggi yillarda zavod va fabrikalar, maktab va bog‘chalar qurilishi ichki talabni sezilarli oshirgan. Elektr iste’moli 14 milliard kWhdan 20 milliardgacha ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Japarov 2028 yilga borib energetika inqirozi to‘liq hal etilishini ma’lum qildi. U mamlakatda yuzga yaqin yangi GES qurilayotganini, 15-dekabr kuni birinchi 120 MW quyosh stansiyasi ishga tushirilishini bildirdi.

Shuningdek, Qora-Keche hududida 1200 megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, Qirg‘iziston importdan voz kechishi va cheklovlarsiz elektr taqdim etishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Japarov davlat elektr energiyasini Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya va Turkmanistondan 3,5 somga xarid qilib, aholiga 1,37 somdan sotilishini ma’lum qildi.

«Farqni davlat qoplaydi. Bu farq 30 yil davomida yig‘ilib kelgan, 2020 yilga kelib, Milliy elektr tarmog‘ida 137 milliard somlik qarz paydo bo‘lgan. Qarzni yopdik, 25 milliard som qoldi. Kelasi yilga kelib, qarzi qolmaydi va u daromad ola boshlaydi. 35 yil sabr qildingiz, yana ikki yil sabr qiling. Qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz, ishlayapmiz, Qambar-Ata-1 qurilishi boshlanyapti, 7—8 yil ichida tugaydi. 1,5 milliard dollar oldik, yana 1,5—2 milliard dollar kerak, lekin bu mablag‘ni topamiz. Loyiha o‘zini oqlaydi», — deydi Sadir Japarov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov «Bundan buyon to‘ntarishlarni faqat tushingizda ko‘rasiz», degan edi.

Teglar

Mavzuga oid