
Jizzaxda gaz portlashi oqibatida yosh kelin-kuyov halok bo‘ldi
G‘allaorol tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan gaz portlashi ikki insonning o‘limiga sabab bo‘ldi.

25 oktabr kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Sug‘umboy qishlog‘ida maishiy gaz portlashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Zamonuz nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash taxminan soat 6:50 atrofida sodir bo‘lgan. Hodisa joyida 2004 yilda tug‘ilgan erkak va uning 2006 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i – yosh kelin-kuyov halok bo‘lgan. Ular portlash bo‘lgan xonadonda yashab kelgan va jasadlari vayron bo‘lgan uydan topilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojiaga maishiy gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda aniq sabablar va boshqa omillar o‘rganilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda.
G‘allaorol tumani hokimligi qoshida maxsus komissiya tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga hokimlik vakillari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hamda tegishli muhandislik xizmatlari kiritilgan. Komissiya gaz ta’minoti tizimini va xavfsizlik choralarini tekshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz hududlar kesimida o‘tgan yillardagi is gazi bilan bog‘liq fojialar ko‘lami va o‘sib borayotgan raqamlarni tahlil qilgan edi.





