
Is gazi xavfi: ko‘rinmas «qotil»ning har qishdagi tashrifi
17.10.2025 | 10:00329523
Qish kelishi bilan is gazi xavfi yana ortib bormoqda. Vaqt.uz hududlar kesimida o‘tgan yillardagi fojialar ko‘lami va o‘sib borayotgan raqamlarni tahlil qildi. Shuningdek, is gazidan omon qolgan surxondaryolik oila haqda hikoya qilinadi.

O‘zbekistonda qish fasli sovuqdan ko‘ra ko‘proq hadik bilan kutib olinadi. Chunki har yili shu davrda yana o‘sha xabarlar takrorlanadi — «Samarqandda oila is gazidan zaharlandi», «Qo‘qonda er-xotin vafot etdi», «Namanganda is gazi sababli to‘rt kishi halok bo‘ldi». Go‘yo har yili bir xil voqea takrorlanadi, faqat joy nomi va qurbonlar soni o‘zgaradi.
Bu fojialar endi mavsumiy muammo emas, balki jamiyatning har yili ochiladigan yarasiga aylangan. Is gazi — ko‘rinmas, hidsiz, jim o‘lim. U eshik qoqmaydi, shovqin qilmaydi, lekin sezdirmasdan hayotga nuqta qo‘yadi.
Har yili mutasaddilar ogohlantiradi, targ‘ibot ishlari o‘tkaziladi, xavfsizlik qoidalari eslatiladi. Ammo bu ogohlantirishlar ko‘p hollarda quloqqa emas, qog‘ozda qoladi. Odamlar esa «bir kecha pechni yoqib qo‘ysam, nima bo‘lardi?» degan o‘y bilan o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi.
Biroq ularni faqat beqarvolikda ayblash ham to‘g‘ri emas. Chunki ko‘p hollarda bu holat muhtojlik va majburiyat bilan bog‘liq — kimdadir gaz bosimi past, kimdadir issiqlik tizimi eskirgan. Ba’zilar uchun pechni tun bo‘yi yoqib qo‘yish — sovuqdan emas, hayot sharoitida himoyalanishning yagona yo‘li.
Ayanchli xotiralar: statistika ortidagi hayotlar
Favqulodda vaziyatlar vazirligining press-turda taqdim qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili is gazidan zaxarlanish holatlari yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 2022 yilda bunday hodisalar 84 taga yetib, 120 nafardan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan. 2023 yilda 46 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 63 taga chiqqan. 2025 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida esa 29 ta holatda 141 kishi hayotdan ko‘z yumgan — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori.
FVV shuningdek, gaz-havo aralashmasining portlashi bilan bog‘liq vaziyatlarni alohida qayd etgan. 2024 yilda 119 ta, 2025 yilning to‘qqiz oyida esa 53 ta shunday hodisa sodir bo‘lgan. Hodisalar soni kamaygan bo‘lishiga qaramay, halok bo‘lganlar soni oshgan — 2024 yildagi 12 kishidan 2025 yilda 27 kishiga yetgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Samandar Hikmatullayevning aytishicha, yong‘inlar va portlashlarning asosiy sabablari bir xil:
«Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yong‘inlarning 40,1 foizi elektr jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish, 29,6 foizi ochiq olovga ehtiyotsizlik bilan munosabat, 10,9 foizi isitish pechlarini o‘rnatish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish, 5,6 foizi esa bolalarning o‘yinlari oqibatida sodir bo‘lgan», — deydi u.Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday baxtsiz hodisalar ko‘pincha gazdan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya qilinmagani, tabiiy yoki muqobil yoqilg‘i turidagi isitish pechlarining texnik holati talabga javob bermagani natijasida yuz beradi. Vazirlik ma’lum qilishicha, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida mas’ul idoralarga minglab rasmiy ogohlantirish xatlari yuborilgan. Biroq bu chora-tadbirlar hamon kutilgan natijani bermayapti — go‘yo «har yil qishda shu bo‘lar takror» qabilida davom etyapti. O‘zbekiston bo‘ylab is gazidan zaharlanish holatlari Vaqt.uz tahririyati OAVlarda e’lon qilingan ma’lumotlar asosida mamlakatning turli hududlarida sodir bo‘lgan is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarni umumlashtirdi. Bu fojiali voqealar O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida kuzatilmoqda. Toshkent shahri Yunusobod tumanida 2021 yil 27 fevralda ijarada yashagan 5 nafar talabaning o‘limiga is gazi sabab bo‘lgan edi. Beshala yigitning bari «is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasidagi o‘tkir nafas va yurak qon tomirlari yetishmovchiligi» oqibatida vafot etgan. Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida oiladan to‘rt kishi is gazidan zaharlangan va ularning barchasi vafot etgan. Hodisa 2024 yilning 22 oktyabrida xonadon a’zolari uxlab yotgan vaqtida nosoz isitish moslamasi (kotyol)dan sizib chiqqan edi. Buxoro viloyati Kogon shahrida ayol va uning voyaga yetmagan farzandi 2024 yil 12 noyabrda vafot etgan edi. Farg‘ona viloyati ham bir oilaning uch nafar a’zosi is gazidan vafot etgandi, ularning ikki nafari bolalar bo‘lgan. Hodisa 2024 yil 1 mart kuni nostandart qo‘lbola isitish pechidan foydalanilganligi sababli sodir bo‘lgan. Namangan viloyatining Pop tumanida bir oilaning 3 nafar a’zosi is gazi qurboni bo‘ldi. Navoiy viloyati Navbahor tumanida ham voyaga yetmagan ikki nafar aka-uka uyining yotoqxonasiga o‘rnatilgan gaz pechidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etishgan. Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida 2023 yil 15 oktyabrda uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etgandi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, voqea sabab 53 yoshli ayol va uning 9 va 3 yoshli nabiralari vafot etgan. Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 2024 yilning 27 fevralida bir oilaning olti a’zosi is gazidan zaharlangan. ota-ona va ularning farzandlari uxlab yotgan vaqtida temirdan qo‘lbola yasalgan pechdan chiqqan is gazidan dimiqib, voqea joyida vafot etgan. Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yosh kelin-kuyov is gazidan kuchli zaharlanib, yashash xonadonida vafot etgan edi. Bunga qo‘lbola usulda yasalgan pech sabab bo‘lgan. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi 46 yoshli erkak va uning uch nafar (18, 16 va 10 yoshli) farzandlari 2024 yil 17 dekabrda isitish tizimidan chiqqan is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan edi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 2024 yil 20 dekabrda er-xotin va ularning o‘g‘li is gazidan vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 43 yoshli erkak, 35 yoshli ayol va 8 yoshli bolaning o‘limi is gazidan zaharlanish oqibatida sodir bo‘lgan. Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida esa oilaning 4 nafar a’zosi is gazidan zaharlangan, ammo ona va 10 yashar qizi tez tibbiy yordamga bo‘limiga olib kelganda o‘lgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 2024 yil 18 oktyabrda oiladan 2 kishi va ularnikiga mehmonga kelgan erkak ham is gazidan zaharlanib vafot etgan edi. «Shundan keyin butun qishloq qo‘rqib qoldi...» — is gazidan omon qolgan oilaning hikoyasi Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi Shahlo va uning oilasi o‘tgan yil dekabr oyida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq daxshatli kechani boshidan kechirgan. U bu haqda Vaqt.uz muxbiriga hikoya qilib berdi.
«Pechkaga ko‘mir solganmiz — ko‘mirda ham gaz bo‘ladi-ku. Pechkaning mo‘risi to‘lib qolganini bilmagan ekanmiz. Har gal olov yoqqanda mo‘ri to‘lib, gaz tashqarisiga chiqmay, xonaning ichiga to‘plangan. Biz esa bundan xabar topmaganmiz. Chunki is gazыning hidi umuman bilinmaydi, odam sezmaydi ham. O‘ylardimki, agar zaharlansa, hidi keladi deb. Lekin u umuman sezilmas ekan», — deydi Shahlo.Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kecha bir xonanada to‘rt kishi bo‘lgan — onasi, singlisi, opasi va o‘zi. «Tunda soat ikkilar atrofida singlim boshining og‘riyayotganini aytdi. Onam dori olib berish uchun turganlar, lekin o‘zlari ham bosh aylanishini sezdilar. Keyin opam dori olish uchun chiqdi, ammo ayvonchada yiqilib tushgan. Onam unga qarab chiqqanlarida o‘zlari ham hushlarini yo‘qotganlar. Men ham ularni ko‘rib, oz-moz hushimni yo‘qotganman», — deydi u.
«Dadam boshqa xonada yotgan ekan, u bilmagan. Singlim dadamni chaqirgan, dadam uyg‘onib, «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilgan. Shifokorlar kelib, hammamizni tekshirgan — qon bosimimiz tushib ketgan ekan. Ular: «Bu is gazi, xona to‘lib qolgan», deb aytishgan. Onam bilan opamning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun ularni birinchilardan bo‘lib olib ketishgan», — deya kechmishini hikoya qiladi Shahlo.Oilani tuman markazidagi shifoxonaga olib borishgan. «Reanimatsiyada oshqozonni yuvishdi, qonni tozalovchi dori qo‘yishdi. Uch kun o‘sha yerda yotdik, keyin yana bir hafta shifokorlar nazoratida davolandik. Hozir hammasi yaxshi, lekin o‘sha holatni unutish qiyin», — deydi Shahlo. Uning aytishicha, voqeadan keyin nafaqat ularning oilasi, balki butun mahalla ehtiyot bo‘lib qolgan: «Shundan keyin butun qishloq qo‘rqib qoldi. Endi hech kim qishda kechasi ko‘mir yoqmaydi. Hamma biladi — is gazi chiqsa, uni hech kim sezmaydi, u sezdirmay kiradi, sezdirmay o‘ldiradi». Shahloning so‘zlariga ko‘ra, Sherobodning ko‘plab qishloqlarida tabiiy gaz quvurlari yo‘q. Uylar asosan ko‘mir bilan isitiladi, gaz ballonlaridan esa faqat taom tayyorlash uchun foydalaniladi. «Shahar joylarda gaz ko‘p bo‘lgani uchun zaharlanish holatlari ko‘proq bo‘ladi, bizda esa ko‘mir yoqilg‘isi xavf tug‘diradi», — deydi u. Shifokorlar Shahlo va uning oilasiga o‘sha paytda xonadagi gaz miqdori juda yuqori bo‘lganini, onasi va opasining ahvoli og‘ir kechganini aytgan. «Ularni kislorodli ballonga ulashgan, qonni tozalovchi dorilar bergan. Endi hatto ozgina tutun chiqsa ham, nafasimiz qisilib qoladi», — deya yakunlaydi u. Mutasaddilar ogohlantiradi, yechim esa tizimda Favqulodda vaziyatlar, Energetika va Sog‘liqni saqlash vazirliklari har qishda aholiga xavfsizlik qoidalarini qayta-qayta eslatadilar: isitish vositalarini tekshirib turish, mo‘ri (cho‘tka) larni muntazam tozalash, xonalarni havalantirish talab qilinadi. Televizor orqali e’lonlar beriladi, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqatiladi. Ammo har yili takrorlanib kelayotgan fojialar shu choralarning amalda yetarsizligini ko‘rsatmoqda. Qish mavsumida o‘rtacha har o‘nta yong‘indan biri isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart uskunalarni ishlatish ortidan kelib chiqadi. Bu holatlar ko‘pincha qayg‘uli oqibatlarga olib keladi. Shuningdek, respublikaning qishloq va chegara hududlarida markaziy gaz tarmog‘i mavjud emas. Aholi isitish uchun ko‘mir yoki boshqa alternativ yoqilg‘ilardan foydalanadi. Bu esa turli xatarlarni — zaharlanish, havo aylanishining buzilishi yoki mo‘rining to‘lib qolishi kabi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
- Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari bu kabi o‘lim holatlarini kamaytirish uchun tizimli yondashuv zarur deb hisoblaydilar:
- Gaz va isitish uskunalarini har yili majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish;
- Har bir xonadonda mo‘rilar holatini nazorat qilish mexanizmi joriy etish;
- Qishloq hududlarda xavfsiz isitish texnologiyalariga o‘tish dasturini ishlab chiqish.





