add

JSTga bir qadam, Toshkent uchun maxsus komissiya va yomg‘ir so‘rab o‘qiladigan istisqo namozi — 25-noyabr dayjesti

Bugun 21:352274 Daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

JSTga bir qadam, Toshkent uchun maxsus komissiya va yomg‘ir so‘rab o‘qiladigan istisqo namozi — 25-noyabr dayjesti

JSTga a’zolik bo‘yicha muzokara: Rossiya qariyb rozi, bitta Tayvan qoldi

Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, Moskvada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar yuzasidan samarali uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar deyarli yakuniga yetgan: asosiy mazmunli masalalar to‘liq kelishib olingan, faqat texnik detallarni yakunlash qolgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov, direktor Yekaterina Mayorova, elchi Nikolay Platonov va boshqa muzokarachilarga aniqlik va konstruktiv yondashuv uchun minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar dunyo savdo tizimidagi hamkorlikning muhim bosqichi bo‘lib, YAIHga qo‘shilish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Jenevada dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan JST Bosh kengashi yig‘ilishida ushbu ikki tomonlama kelishuvni rasman e’lon qilish rejalashtirilgan. Shu bilan O‘zbekistonga faqat Xitoy Taypeyi (Tayvan) bilan qolgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash qoldi.

Ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan «zamhokim» ishdan olindi

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Ekologiya qo‘mitasi inspektorini kaltaklab, Milliy gvardiya yordamida IIBga olib ketganidan so‘ng lavozimidan ozod etildi. Hodisa yuzasidan tuzilgan maxsus komissiya o‘rganish o‘tkazib, hokim o‘rinbosarining xatti-harakatlarini qonuniy asossiz deb topdi va uni ishdan olish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv davom etmoqda.

Inspektor Axrorjon Niyozov aholi murojaati asosida noqonuniy daraxt kesilishini rasmiylashtirishga chiqqan paytda hokim o‘rinbosari tomonidan zo‘ravonlikka duch kelgan. Reyd davomida Nayman mahallasidan 26 to‘p daraxt qonunga xilof ravishda kesilgani aniqlanib, 10,3 mln so‘m jarima va 45,8 mln so‘mlik atrof-muhitga zarar hisoblangan. Tergov yakunida hokim o‘rinbosarining qilmishiga huquqiy baho beriladi.

«O‘tkan kunlar» mojarosi: noqonuniy tarjimani tarqatgan O‘zDJTU xodimi jarimaga tortildi

Adliya vazirligi O‘zDJTUda o‘tkazgan o‘rganishda amerikalik tarjimon Mark Rizning «O‘tkan kunlar» romani (“Bygone Days”) uning ruxsatisiz to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, unilibrary.uz’ga joylangani aniqlandi. Sud mas’ul xodimni mualliflik huquqini buzgani uchun 2,06 million so‘m jarimaga tortib, asarning elektron nusxasini tizimdan o‘chirtdi.

Mazkur mojaro ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatdan keyin ko‘tarilgan bo‘lib, vazirlik universitetda mualliflik huquqi bo‘yicha qo‘shimcha seminar ham o‘tkazdi. Tarjimon Mark Riz qonunga muvofiq huquqbuzardan BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha — 8,24 milliondan 412 million so‘mgacha tovon puli talab qilish huquqiga ega ekani ma’lum qilindi.

Barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qiladi — Musulmonlar idorasi

O‘zbekistonda joriy kuz mavsumi yomg‘irsiz o‘tayotgani va yaqin kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani bois Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Nuriddin Xoliqnazar tashabbusi bilan mamlakat masjidlarida istisqo namozi o‘qilishi belgilandi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Diniy idora ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 28-noyabr kuni juma namozidan keyin barcha masjidlarda «Allohdan yomg‘ir so‘rab», jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi ado etiladi.

«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir yog‘may, suvsizlik bo‘lgan davrlarda jamoat bilan qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin o‘zlari imom bo‘lib namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Alloh taolodan suv-yomg‘ir so‘raladigan istisqo namozi fazilati hadis kitoblarida bayon qilingan», deyiladi matbuot xizmatining xabarida.

Qarorga ko‘ra, istisqo bilan bir qatorda viloyat va tuman markazlaridagi masjid va ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, yetim-yesirlar va muhtoj oilalarga tarqatiladi. Bu amal qurg‘oqchilik paytida xayr-ehson qilingani baraka keltirishi haqidagi diniy ta’limotlarga tayangan holda amalga oshirilishi aytilgan.

Toshkent shahri ekologiyasi bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi — Prezident farmoni

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha farmon qabul qilib, poytaxtda maxsus komissiya tuzdi. Komissiya havo ifloslanishini kamaytirish, yashil hududlarni ko‘paytirish, ekologik talablarni kuchaytirish va sanoat hamda transport chiqindilarini cheklashga qaratilgan amaliy choralarni ishlab chiqadi.

Komissiya ekologik choralarning ijrosini nazorat qilish, mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va jamoatchilik nazoratini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Farmondagi vazifalarning bir qismi respublika miqyosida qo‘llanilsa, ayrimlari Toshkentning o‘ziga xos ekologik muammolarini bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, aholi salomatligiga ta’sir qiluvchi omillarni bosqichma-bosqich kamaytirish rejalashtirilgan.

Prezident farmoniga muvofiq, katta qurilish maydonlarida monitoring stansiyalari o‘rnatiladi, Toshkent yaqinidagi barcha issiqxonalar gaz bilan ta’minlanadi, Mmaishiy havo tozalagichlar uchun boj bekor qilindi.

Teglar

Mavzuga oid