add

Kambodja Tailand bilan chegara o‘tish punktlarini yopdi

Kecha 18:55552 daqiqa

Chegaradagi to‘qnashuvlar avj olgani sabab ikki davlat o‘rtasidagi barcha o‘tish harakatlari to‘xtatildi.

Kambodja Tailand bilan chegara o‘tish punktlarini yopdi

Kambodja hukumati Tailand bilan bo‘lgan davlat chegarasidagi barcha o‘tish punktlarini noma’lum muddatga yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror chegara hududlarida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgani va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgani bilan izohlanmoqda.

Kambodja Ichki ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, mamlakat Tailand chegarasida kirish va chiqish harakatlari darhol va keyingi rasmiy ogohlantirishga qadar to‘liq to‘xtatilgan. Rasmiylar bu chora fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘rilganini ta’kidlamoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp 12-dekabr kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga yaqin ekanini ma’lum qilgan edi. Biroq shunga qaramay, keyingi kunlarda ham chegara hududlarida qurolli to‘qnashuvlar to‘xtamadi va vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakulning bildirishicha, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish faqat Kambodja qo‘shinlari chegara hududidan olib chiqilgandan va minalar tozalangandan keyingina mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholi va mamlakat xavfsizligiga tahdid saqlanib turgan bir paytda harbiy harakatlar davom etishi mumkin.

Anutin, shuningdek, hujumlarni birinchi bo‘lib to‘xtatish mas’uliyati Kambodja tomoni zimmasida ekanini ta’kidlagan. Bu yil qayta kuchaygan hududiy nizo fonidagi to‘qnashuvlar oqibatida 500 mingdan ortiq aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi haftalardagi janglar davomida 20 nafardan ziyod inson halok bo‘lgan, yuzlab odamlar turli darajada jarohat olgan. 13-dekabr kuni Tailand rasmiylari navbatdagi to‘qnashuvlarda yana to‘rt nafar harbiy halok bo‘lganini tasdiqladi. 8-dekabrdan buyon Tailand harbiylari orasidagi qurbonlar soni 14 nafarga yetgan.

Qariyb 800 kilometrga cho‘zilgan umumiy chegaradagi vaziyatni yumshatish maqsadida Donald Tramp vositachilik qilmoqda. U tomonlarni harbiy harakatlarni davom ettirgan taqdirda savdo kelishuvlarini bekor qilish va qo‘shimcha bojlar joriy etish bilan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, xujumlar 8-dekabr kuni ikki davlat chegarasidagi tailandlik harbiy halok bo‘lgan hujumdan so‘ng Tailand Kambodja hududidagi bir necha harbiy ob’ektlarga havodan zarba berish oqibatida boshlangan.

Teglar

Mavzuga oid