
Kreml: Hindiston neft xaridini to‘xtatish haqida Rossiyaga xabar bermadi
Hindiston hukumati hozircha Rossiyaga neft importini to‘xtatish haqida rasman ma’lum qilmagan. «Reuters» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hind neftni qayta ishlash zavodlari ham hali hukumatdan Rossiyadan xaridlarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma olmagan.

Moskva Hindistondan Rossiya neftini xarid qilishdan voz kechish haqida hech qanday xabar olmagan. Bu haqda bugun, 3-fevral kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotlariga izoh berayotganida ma’lum qildi.
«Hozirgacha bu masala bo‘yicha Dehli tomonidan qandaydir bayonotlarni eshitganimiz yo‘q», – dedi Peskov.
«Moody’s»: Hindiston Rossiyadan neft importni darhol to‘xtata olmaydi
AQSHning «Moody’s» reyting agentligi fikricha, so‘nggi oylarda Rossiyadan neft xomashyosi importi qisqarganiga qaramay, Hindistonning Rossiyadan neft xaridini darhol to‘liq to‘xtatishi ehtimoli past. «Moody’s» hisobotida aytilishicha, bu holat «Hindiston iqtisodiy o‘sishiga putur yetkazishi mumkin».
«Reuters» agentligining manbalarga tayanib yozishicha, hind neftni qayta ishlash zavodlariga ishlab chiqarishni qisqartirish uchun muayyan vaqt kerak bo‘ladi va Nyu Dehli hukumati hali ularga Rossiyadan importni to‘xtatish haqida rasmiy topshiriq bermagan.
Tramp: Modi Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi
Bundan bir kun avval Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi u bilan bo‘lgan suhbatda Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini aytgan edi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston AQSHdan, ehtimol, Venesueladan neft xaridini oshirishga tayyor.
«Bu hozir davom etayotgan va har hafta minglab odamlar qurbon bo‘layotgan Ukrainadagi urushni TO‘XTATISHGA yordam beradi!» — deb yozdi Tramp «Truth Social» platformasida.
U, shuningdek, Vashington Hindiston uchun savdo bojlarini darhol 25 foizdan 18 foizga tushirishga rozi bo‘lganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Modi «X» ijtimoiy tarmog‘ida AQSH prezidenti bilan «ajoyib» suhbat bo‘lganini yozdi.
«Dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot va eng katta demokratiyalar birgalikda ishlasa, bu xalqlarimizga foyda keltiradi va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar ochadi», – deb qo‘shimcha qildi u.
AQSHning “Lukoyl” va “Rosneft”ga qarshi sanksiyalari
Oktyabr oyida AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Bu qaror Moskva tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushni tugatish bo‘yicha «jiddiy tinchlikka intilish yo‘qligi» bilan izohlangan. Qora ro‘yxatga Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – «Rosneft» va «Lukoyl», shuningdek, ularning Rossiya hududida joylashgan sho‘’ba korxonalari kiritildi.
Qoidalarni buzganlik uchun AQSH fuqarolari va xorijiy fuqarolarga nisbatan «fuqarolik-huquqiy yoki jinoiy sanksiyalar» qo‘llanilishi mumkinligi aytildi. Shundan so‘ng Xitoy va Hindiston Rossiya nefti importini keskin qisqartirishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.





