add

Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildi

Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zalini ko‘zdan kechirishdi.

Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan yurtimizga kelgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarboyjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markazidagi tarixiy, ma’naviy va ilmiy ekspozitsiyalar bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati. Ushbu tashrif Markaziy Osiyodagi hamkorlikning ma’naviy poydevorlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Markaz O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan bo‘lib, u islom olami merosini o‘rganish, asrab-avaylash va ommalashtirishga qaratilgan. Majmuada birinchi va ikkinchi Renessansga oid ko‘rgazmalar, buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy va boshqalarning merosi namoyon etilgan. Shuningdek, tarixiy sulolalar davriga oid noyob qo‘lyozmalar va ularning o‘zbekcha tarjimalari ham namoyish etilgan.

Prezidentlar Toshkent markazidagi majmuani ko‘zdan kechirar ekan, uning nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa xalqlari uchun ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini ta’kidladilar. Ular majmuadagi Qur’oni karim — Usmon Mushafining ahamiyatini, uning tarixiy va madaniy qimmatini alohida qayd etdilar.

Tashrif davomida yetakchilar O‘zbekistonning umumiy merosni saqlash va targ‘ib qilishga qaratilgan harakatlarini yuqori baholadilar. Ushbu markaz mintaqada ilmiy, ta’limiy va madaniy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Prezidentlari “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ta’sis etilgan xalqaro mukofot adabiyot, madaniyat, san’at, fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida katta yutuqlarga erishgan yurtimiz va xorijiy ijodkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon vakillari: Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev “Adabiyot” nominatsiyasida, Tojikiston xalq shoiri Davlat Safarzoda “Madaniyat” nominatsiyasida, M.Avezov nomidagi Qozog‘iston Milliy drama teatri aktyori Yerkebulan Dayirov “Teatr va kino” yo‘nalishida, Ozarbayjon xalq artisti Alim Gasimov “Musiqa va raqs” nominatsiyasida, Turkmaniston xalq artisti Babasari Annamiradov “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishida, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi xalqaro markaz direktori o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Dilafruz Egamberdiyeva “Fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar” nominatsiyasida tanlovning ilk g‘oliblari bo‘ldi.

Yetakchilar huzurida laureatlarga mukofot haykalchasi, diplom hamda 10 ming dollarlik pul mukofoti topshirildi.

Davlat rahbarlari sovrindorlar bilan suratga tushdilar.

Teglar

Mavzuga oid

Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildi | Vaqt.uz