add

Mirziyoyev 150 mlrd so‘m hisobiga ta’mirlangan mahallani ko‘zdan kechirdi

23.01.2026 | 15:473 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan tanishib, turist va hunarmandlar bilan muloqot qildi.

Mirziyoyev 150 mlrd so‘m hisobiga ta’mirlangan mahallani ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

5

Ma’lumotlarga ko‘ra, Olmazor tumanida turizm salohiyatini to‘liq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, 15 ta mahallani o‘zaro bog‘lovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi.

4

Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar ko‘chasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.

Respublika budjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy ko‘rinishda ta’mirlanib, mahalla tarixiy muhitga uyg‘un qiyofa kasb etdi.

6

100 nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard so‘m investitsiya kiritilgani natijasida 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandlik markazi, 1 ta savdo markazi, 125 ta xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etildi, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.

Mirziyoyev yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.

7

«Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz», – dedi Prezident.

Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

10

«Olmazor» innovatsion hududining master-rejasi

Shu yerda Prezidentga «Olmazor» innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.

Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tildi.

8

Master-rejaga muvofiq, ta’lim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan «rivojlanish koridorlari» shakllantiriladi.

Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sog‘liqni saqlash obyektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi.

9

Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Master-rejani amalga oshirish orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.

«Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Daos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida «Eski shahar» dasturini ishlab chiqish zarur», – dedi Mirziyoyev.

Teglar

Mavzuga oid