add

Moskvada mehnat muhojirlari geolokatsiyani politsiyaga uzatuvchi ilovani majburiy o‘rnatadi

02.09.2025 | 08:4021654

1 sentyabrdan boshlab Moskva va Mosoblastda muhojirlarni nazorat qilish uchun ularning geolokatsiyasini politsiyaga uzatuvchi mobil ilova majburiy bo‘ldi.

Moskvada mehnat muhojirlari geolokatsiyani politsiyaga uzatuvchi ilovani majburiy o‘rnatadi
Rossiyaning Moskva shahri va uning atrofida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kelgan muhojirlar uchun 1 sentyabrdan boshlab «Amina» nomli maxsus mobil ilovani o‘rnatish majburiy bo‘ldi. Bu haqda Moskva ko‘p funksiyali migratsiya markazi (MMS) ma’lum qildi. Eksperimental loyiha O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gurjiston, Ozarboyjon, Moldova va Ukraina fuqarolariga taalluqli. Yangi ilova an’anaviy ro‘yxatdan o‘tish tizimini almashtiradi. U orqali fuqaro MMS manzilida ro‘yxatdan o‘tadi, yashash manzili haqida Ichki ishlar vazirligini xabardor qiladi va eng muhimi, o‘z geolokatsiya ma’lumotlarini politsiyaga uzatadi. Agar bir necha kun mobaynida geolokatsiya ma’lumotlari uzatilmasa, fuqaroga manzilni tasdiqlash yoki yangisini ko‘rsatish talab etilgan xabar yuboriladi. Agar uch ish kuni davomida ma’lumot kelmasa, u MMS manzilidan ro‘yxatdan chiqariladi. Bu kabi buzilishlar muhojirni «nazoratdagi shaxslar reyestri»ga kiritishga olib kelishi mumkin. Ilovani fuqarolar o‘zlari o‘rnatishi kerak. Avtorizatsiya uchun MMS tomonidan berilgan «xorijiy fuqaro kartasi» talab qilinadi. Agar u yo‘qolsa, pasport ma’lumotlari orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Eksperiment hozircha faqat Moskva shahri va Moskva oblasti hududida amal qiladi. Agar muhojir boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tsa yoki Rossiyani tark etsa, MMSdagi ro‘yxatdan o‘tkazilishi bekor qilinadi. Rossiya rasmiylari bu choralarni «qonunga itoatkor muhojirlar uchun qulay tizim yaratish», deb baholamoqda. Bu orqali muhojirlarga nisbatan nazorat faqat texnik vositalar bilan cheklanmaydi. Avgust oyida ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaning ta’lim muassasalariga tarqatilgan maxsus ko‘rsatmalarda o‘qituvchilarga muhojir bolalarga nisbatan yuqori diqqat talab etiladi. Xususan, «an’anaviy qadriyatlar» va davlat ramzlariga nisbatan tahqirlovchi fikrlar, «Muhim mavzular haqida suhbat» darslariga munosabat va Rossiya uchun noodatiy kiyim-boshlar ham monitoring ostiga tushadi.

Teglar

Mavzuga oid