«Neo-usmonizm» va «Yangi saudizm»: Erdog‘an Yaqin Sharqning yangi muvozanat formulasini qidirmoqda
Bir asrlik tarixiy raqobat o‘rnini pragmatik ittifoqqa bo‘shatib bermoqda. Erdog‘an Usmonli imperiyasi ta’sir doirasini tiklashga urinayotgan bir paytda, Muhammad bin Salmon mintaqa yetakchisiga aylanishni ko‘zlamoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning Saudiya Arabistoniga yaqinda amalga oshirgan tashrifi Yaqin Sharqda yangi geosiyosiy ittifoqlar shakllanishi mumkinligi haqidagi masalani yana kun tartibiga chiqardi.


Mazkur safar vaqt jihatidan Ar-Riyod va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida Yaman hamda Sharqiy Afrika davlatlari hududlarida kuchayib borayotgan ziddiyatlar, shuningdek, ekspertlarning fikricha, Turkiya ham nazariy jihatidan qo‘shilishi mumkin bo‘lgan «Pokiston — Saudiya Arabistoni» harbiy formati muhokamalari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.
Yetakchilarning mintaqaviy tashriflari o‘z-o‘zidan allaqachon odatiy holga aylangan bo‘lsa-da, mazkur vaziyatda tahlilchilar ancha jiddiyroq o‘zgarishlarga e’bor qaratishmoqda.
«Neo-usmonizm» va «Yangi saudizm» to‘qnashuvi
Yamandagi so‘nggi voqealardan so‘ng Ar-Riyod faol tashqi siyosatga qaytayotganini namoyish etib, yana mustaqil kuch markazi rolini o‘ynashga intilmoqda.
Bunday sharoitda muqarrar savol tug‘iladi: Anqara valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning shartli ravishda «yangi saudizm» deb nom olgan strategik qarashlariga moslashishga tayyormi?
Yoki zamonaviy Saudiya davlatchiligi bor-yo‘g‘i bir asr avval sobiq Usmonli hududlarida vujudga kelganini hisobga olsak, Ar-Riyodning o‘zi Yevropada «neo-usmonizm» deb ataladigan, Anqarada esa «Usmonli imperiyasining hissiy geografiyasiga qaytish» deb ta’riflanadigan omil bilan hisoblashishga majbur bo‘ladimi?


2024 yil dekabrida Suriyada Bashar Asad rejimining Turkiya ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlovi ostida ag‘darilishi o‘ziga xos turtki bo‘lib xizmat qildi. Mazkur voqea bin Salmonni mintaqaviy o‘yinlarda yana faollashishga hamda tashqi siyosatda yangi kombinatsiyalarni shakllantirishga undadi.
Keyinchalik Ar-Riyod va Anqara Suriyaning yangi rahbariyatini qo‘llab-quvvatlashda o‘z harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtirib oldi. Saudiya Arabistoni strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Raqqa va Dayr-az-Zor provinsiyalaridagi qator arab qabilalarining hukumat kuchlari tomoniga o‘tishiga ko‘maklashdi, bu esa kurd tuzilmalariga qarshi amaliyotlarni sezilarli darajada osonlashtirdi. O‘zaro ishonchsizlik bilan kechgan o‘n yillikdan so‘ng, Turkiya va Saudiya Arabistoni Suriyada ilk bor amalda bir tomonda ko‘rinish berdi.
Mudofaa va iqtisodiyot: Strategik sheriklikning yangi ustunlari
Yaqinlashuv mantig‘i nihoyatda pragmatik: na Anqara va na Ar-Riyod Yaqin Sharqdagi beqarorlik yukini yakka o‘zi ko‘tarishga tayyor emas. Turkiyaning harbiy salohiyati va Saudiyaning moliyaviy resurslari uyg‘unligi mintaqaviy muvozanatning yanada mustahkam tuzilmasini yaratishga qodir.


Ikki tomonlama kun tartibida mudofaa sanoati alohida o‘rin egalladi. Ar-Riyod harbiy jihatdan to‘liq o‘z-o‘zini ta’minlashga hamda Anqaraning texnologik ko‘magi ostida, jumladan, uchuvchisiz tizimlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga intilmoqda. Buning evaziga Saudiya Arabistoni Turkiya iqtisodiyotiga investitsiyalar hajmini kengaytirishga tayyor ekanini bildirmoqda, bu esa harbiy-siyosiy sheriklikni kompleks iqtisodiy ittifoqqa aylantiradi.
Shunga qaramay, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston ishtirokida yangi strategik kuch markazini shakllantirish haqidagi mulohazalar hozircha taxmin darajasida qolmoqda. Mintaqaning real xavfsizlik arxitekturasi Anqaraning ikki asosiy arab o‘yinchisi — Ar-Riyod va Abu-Dabi o‘rtasida nozik muvozanatni saqlash hamda ular o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga yo‘l qo‘ymaslik qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi. Anqaraning aynan shu diplomatik harakatlari Turkiya va Saudiya yaqinlashuvi mustahkam ittifoqqa aylanadimi yoki bu faqat vaqtinchalik manfaatlar uyg‘unligimi — shuni hal qiladi.





