add

Onasidan noligan Maryam Tillayeva, AQSHga sayohatga borayotgan o‘zbekistonliklar va «Navbahor»ni boshqaradigan «Ayaks» — 16 sentyabr dayjesti

16.09.2025 | 22:30337911

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Onasidan noligan Maryam Tillayeva, AQSHga sayohatga borayotgan o‘zbekistonliklar va  «Navbahor»ni boshqaradigan «Ayaks» — 16 sentyabr dayjesti
Olti oy ichida hayvonlarga nisbatan 30 dan ortiq zo‘ravonlik holatlari aniqlangan Joriy yilning birinchi yarmida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat bo‘yicha 34 ta holat qayd etildi. Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, ulardan 32 nafarga jarima, 2 nafarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. 2020–2024 yillarda esa umumiy 397 kishi javobgarlikka tortilgan.  Qonunga ko‘ra, hayvonlarga zo‘ravonlik qilganlar BHMning 3–5 baravari miqdorida jarima to‘laydi. Agar bu harakat takrorlansa yoki og‘ir oqibatlarga olib kelsa, jarima ikki barobargacha oshirilishi yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin. Huquqshunoslar va jamoat tashkilotlari mavjud jazolar yetarli emasligini ta’kidlab, qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini aytishmoqda.   Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlarni kaltaklagan o‘smirlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi Vladivostokda o‘zbekistonlik migrantlarga nisbatan jasavozlik qilgan o‘smirlar ustidan Rossiya tergov organlari jinoyat ishini qo‘zg‘atdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 10 sentyabrga o‘tar kechasi 15 yoshli yigitlar va ularning sheriklari mast holda avtomobillarga zarar yetkazib, xaridorlar ko‘z o‘ngida bir shaxsni kaltaklagan hamda yana bir necha haydovchiga hujum qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa ularning o‘zbekistonlik migrantlarni do‘pposlayotgani va haqorat qilayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljanov jabrlanuvchilarga huquqiy yordam ko‘rsatilganini va mahalliy idoralarga rasmiy murojaat yo‘llanganini bildirdi. Tergov qo‘mitasi ma’lumoticha, gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan: ulardan biri qo‘lga olingan, ikki nafari qidiruvga berilgan. Ayni paytda ular avval ham bezorilik qilgani uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi. Avvalroq O‘zbekiston TIV Rossiyadan tergov olib borish va aybdorlarni jazolashni talab qilgan rasmiy nota yo‘llagan edi.   O‘zbek ishchilari Saudiyada mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin Saudiya Arabistoni Jidda va Makka shaharlarida o‘zbek ishchilarini mavsumiy ishlarga jalb qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Saudiya Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi rahbarlari bilan uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik, ishchilarni qonuniy asosda joylashtirish hamda mahalliy kompaniyalar bilan munosabatlar muhokama qilindi. Saudiya rasmiylari hozirda o‘zbek fuqarolarining soni juda kamligini aytib, ularni qurilish va Haj mavsumida qassoblik ishlariga jalb etish taklifini ma’qulladi.  Tomonlar imkoniyatlarni chuqurroq o‘rganib, aniq takliflar tayyorlashga kelishib oldi. Shuningdek, Saudiya Inson resurslari vazirligi, ish beruvchilar, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlik vazirligi ishtirokida onlayn muloqot tashkil etildi. Muzokaralar natijasida o‘zbek ishchilarini Saudiyada mavsumiy faoliyatga jalb etish orqali ikki mamlakat hamkorligi yanada kuchayishi kutilmoqda. Maryam Tillayeva onasi Lola Karimova bilan besh yil oldin aloqani uzganini ma’lum qildi Maryam Tillayeva instagramdagi storislar orqali onasi Lola Karimova bilan munosabatlari buzilganini ochiqladi va besh yildan beri ular aloqasi yo‘qligini ma’lum qiladi. Onasining hatti-harakatlari unga yoqmasligini, onasi «jabrdiyda ayol» rolini o‘ynashi va shu orqali omma diqqatini jalb qilishini ayti.  Maryam Tillayeva Lola Karimovani O‘zbekistonga kelishiga qaramasdan buvisining uyiga tashrif buyurmaganini misol qildi. U bu voqealar birinchi davrda uning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ochiqladi. Maryam o‘z his-tuyg‘ularini ochiq bayon qilib, uning bu jarayonda eng ko‘p achingani — ukasi va singlisi ekanini aytdi. «Umuman olganda, oilamiz tarixi murakkab, ba’zi voqealarni esa bobom, buvim va boshqa qarindoshlarimga hurmat yuzasidan oshkor eta olmayman. Shu bilan birga, onamning menga qarshi nosog‘lom raqobat qilishga urinishini sezaman. Men yaqinlarimning xatti-harakatlari uchun javobgar emasman va hammani qutqarish yoki yarashtirish ham vazifam emas. Men shunchaki o‘z hayotimni yashayman va o‘z oilamni quraman», dedi Maryam Tillayeva.   AQSHga turistik safar qilgan o‘zbekistonliklar soni qariyb 15 foizga oshdi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida 8 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi AQSHga borgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 15 foizga ko‘pdir. Safar qilganlarning asosiy qismi — 5 683 nafar kishi — turistik maqsadda yo‘lga chiqqan. Shuningdek, 1 978 nafar o‘zbekistonlik qarindoshlarini yo‘qlash uchun AQSHga borgan. Ta’lim olish maqsadida borganlar soni 179 nafarni tashkil etdi. Xizmat safarlari uchun 104 kishi, tibbiy yordam maqsadida esa 23 kishi AQSHni tanladi.   «Ayaks» akademiyasi «Navbahor» futbol maktabini boshqaradi Namangandagi «Navbahor» futbol maktabi uch yil muddatga Niderlandiyaning mashhur «Ayaks» akademiyasi boshqaruviga o‘tadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda ma’lum qilib, Namanganda futbolning yoshlar hayotidagi o‘rnini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir bola mahallada to‘p tepib katta bo‘ladi va «Navbahor»ning har bir o‘yini shahar uchun katta bayram sanaladi. Kelishuvga ko‘ra, «Ayaks» akademiyasidan 11 nafar murabbiy, skaut va metodistlar Namanganga kelib, mahalliy futbolchilarni tayyorlash jarayonida ish olib boradi. Prezident bu hamkorlik orqali kelajakda dunyoning yetakchi klublarida o‘ynaydigan va jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan futbolchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid