
O‘zbekiston birinchi milliy sun’iy intellekt tizimini ishga tushirdi
O‘zbekistonda ishga tushirilgan ilk sun’iy intellekt BONU AGI global modellardan farqli ravishda foydalanuvchi so‘rovlarini mahalliy, ijtimoiy va madaniy muhit prizmasi orqali tahlil qiladi.

O‘zbekistonda BONU AGI deb nomlangan mamlakat tarixidagi ilk milliy sun’iy intellekt tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning London Post nashrida e’lon qilingan maqolada ma’lum qilindi.
Nashrda ta’kidlanishicha, loyiha tayyor global sun’iy intellekt platformalarini joriy etish o‘rniga, O‘zbekistonning madaniy, ijtimoiy va tarixiy xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Dunyo AA xabar berishicha, maqolada zamonaviy sun’iy intellekt tizimlarining aksariyati universal arxitekturaga tayanishi, ammo amalda qaror qabul qilish jarayonida madaniy normalar, jamoaviy xotira, til modeli va milliy tajriba hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida qayd etilgan. BONU AGI aynan shu yondashuvdan kelib chiqib, «sun’iy intellekt madaniy vakuumda mavjud bo‘lmasligi kerak» degan tamoyil asosida yaratilgan.
Nashrda keltirilishicha, BONU AGI foydalanuvchi so‘rovlarini mahalliy ijtimoiy va madaniy muhit prizmasi orqali tahlil qiladi. Bu tizim O‘zbekiston aholisiga xos muloqot uslubi, fikrlash mantig‘i va savol qo‘yish madaniyatini yanada aniqroq aks ettirish imkonini beradi. Mualliflar bu xususiyat sun’iy intellekt bilan o‘zaro aloqa samaradorligini oshirishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Loyiha mahalliy mutaxassislar — Baxtiyor Boboxonov, Sardorbek Tursunbekov va Otabek Siddiqov ishtirokida ishlab chiqilgan. Ular BONU AGI’ni faqat texnologik mahsulot emas, balki milliy tafakkurni raqamli muhitda aks ettiruvchi intellektual platforma sifatida shakllantirishni maqsad qilgan.
Avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonda har yili sun’iy intellekt yetakchilari loyihasi o‘tkazilishi, ushbu loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarga elektromobil, xorijga sayohat, pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar berilishi haqida ma’lum qilgan edi.





